Logo

“MENAFN”: O‘zbekistonda turizm sohasi xalqaro standartlarga muvofiq barqaror rivojlanmoqda

Yanvar 12, 2026. 12:24 • 2 daq

209
“MENAFN”: O‘zbekistonda turizm sohasi xalqaro standartlarga muvofiq barqaror rivojlanmoqda

AMMON, 13-yanvar. /“Dunyo” AA/. Iordaniyaning “MENAFN” portalida O‘zbekistonning turizm sohani rivojlantirishdagi tajribasi va strategiyasi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada bildirilishicha, so‘nggi yillarda turizm jahon iqtisodiyotining eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biriga aylanmoqda. BMTning Butunjahon turizm tashkiloti (UN Tourism), Butunjahon iqtisodiy forumi (WEF), Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (OECD) kabi ixtisoslashgan xalqaro tashkilotlar mamlakatlarning ushbu sohadagi ko‘rsatkichlarini baholash uchun kompleks mezonlar to‘plamiga tayanadi. Ushbu xalqaro mezonlar prizmasi orqali O‘zbekiston zamonaviy va keng qamrovli turizm sohasini rivojlantirish yo‘lidan dadil borayotganini ko‘rish mumkin.

“Turizmni milliy siyosatning ustuvor yo‘nalishlari qatoriga kiritish xalqaro baholashda asosiy ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. O‘zbekiston ixtisoslashgan institutlarni tashkil etish, milliy va mintaqaviy dasturlarni qabul qilish, turizmning klaster modellarini (Tourism Clusters) rivojlantirish orqali turizmni davlat strategiyasi darajasiga ko‘tardi. Bu Jahon iqtisodiy forumi turizm raqobatbardoshligini baholashda foydalanadigan boshqaruv va strategik rejalashtirish ko‘rsatkichlarining sezilarli darajada yaxshilanganligini aks ettiradi”, deb yozilgan materialda.

Vizasiz rejimning kengaytirilishi, elektron viza tizimining joriy etilishi va kirish tartiblarining soddalashtirilishi O‘zbekistonning xalqaro sayyohlar uchun ochiq va qulay yo‘nalish sifatidagi imijini mustahkamlashga xizmat qildi.

Qulaylik va xalqaro bog‘liqlik turistik yo‘nalishlarni baholashning asosiy mezonlariga kiradi. O‘zbekiston xalqaro reyslar sonini ko‘paytirish, mintaqaviy aeroportlarni modernizatsiya qilish va aviatashuvlar bozorida raqobatni rag‘batlantirish orqali aviatsiya sohasida sezilarli yutuqlarga erishdi. Zamonaviy temir yo‘l tarmog‘i, tezyurar poyezdlar ham mamlakat ichidagi asosiy sayyohlik markazlarini bog‘lashga yordam berdi.

Bu xalqaro standartlarga muvofiq sayyohlik jozibadorligini oshirishning asosiy omillaridan biri bo‘lgan sayohat vaqti va xarajatlarini kamaytirishga olib keldi.

Global tendensiyalar shuni ko‘rsatadiki, zamonaviy sayyoh anʼanaviy turizmdan tashqari keng qamrovli tajribani izlamoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston madaniy va diniy turizm, Ipak yo‘li turizmi, ekologik turizm, sarguzasht turizmi va agroturizmni uyg‘unlashtirgan holda o‘z sayyohlik mahsulotini diversifikatsiya qilish ustida ish olib bormoqda.

Turizm sohasini baholashning xalqaro standartlariga ko‘ra, O‘zbekiston vaqtinchalik o‘sishni emas, balki strategik rejalashtirish, infratuzilmani modernizatsiya qilish, turistik mahsulotni diversifikatsiya qilish va barqaror rivojlanish tamoyillarini qabul qilishga asoslangan tizimli transformatsiya jarayonini boshdan kechirmoqda. Ushbu siyosatni saqlab qolgan holda, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi yetakchi sayyohlik yo‘nalishi va xalqaro turizm bozorining istiqbolli ishtirokchisi sifatidagi mavqeini mustahkamlash uchun kuchli shart-sharoitlarga ega.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish