Logo

O‘zbekiston Prezidenti: Mintaqaviy va global vaziyatni doimiy tahlil qilib borish, milliy armiyamizning salohiyatini mustahkamlash – bugungi kun talabi

Yanvar 13, 2026. 16:19 • 7 daq

29
O‘zbekiston Prezidenti: Mintaqaviy va global vaziyatni doimiy tahlil qilib borish, milliy armiyamizning salohiyatini mustahkamlash – bugungi kun talabi

TOSHKENT, 13-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyev raisligida bugun Xavfsizlik kengashining mamlakatimiz harbiy xavfsizligi va mudofaasini mustahkamlash masalalari bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, tadbirda O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi, Vazirlar Mahkamasi aʼzolari, Qurolli Kuchlar tarkibiga kiruvchi vazirlik va idoralar rahbarlari, harbiy okruglar qo‘mondonlari, harbiy-maʼmuriy sektorlar rahbarlari, boshqa idoralar va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

O‘tgan yillarda mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.

Milliy armiyamiz zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan taʼminlanmoqda. Harbiy xizmatchilarning jangovar va maʼnaviy-ruhiy tayyorgarlik darajasi izchil oshirib borilmoqda, mudofaa sanoatining salohiyati mustahkamlanmoqda.

Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida yangi taktik usullar joriy etilib, mashg‘ulotlar soni va shiddati 1,5 barobarga oshirildi, uchuvchisiz uchish apparatlari bo‘linmalari va mutaxassislar tayyorlash markazlari tashkil etildi.

Armiyani raqamlashtirish bo‘yicha boshlangan ishlar natijasida axborot xavfsizligi, boshqaruv va ko‘rsatilayotgan xizmatlar samaradorligi sezilarli darajada oshdi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan harbiy taʼlim tizimi tubdan yangilandi, malakali professor-o‘qituvchi va instruktorlardan iborat Harbiy xavfsizlik va mudofaa universiteti tashkil etildi.

Taʼlim jarayoniga o‘qitishning ilg‘or raqamli texnologiyalari, jumladan, sunʼiy intellektga asoslangan va zamonaviy baholash tizimlari joriy etilgani harbiy kadrlar tayyorlash sifatini yangi bosqichga olib chiqdi.

Yig‘ilishda mamlakatimiz xavfsizligini taʼminlash, mudofaa qobiliyatini mustahkamlash borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

Turli mintaqaviy mojarolar kengayib, qurollanish poygasi avj olayotgani, umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, xalqaro huquq normalari va xalqaro diplomatiya zaiflashib borayotgani qayd etildi.

– Bir narsani tushunib olish zarur. Zamonaviy urush tabiati tubdan o‘zgardi. Endi qaysi davlat faqat tank, samolyot yoki askarlar soniga tayanib g‘alaba qozonaman desa, qattiq adashadi. Hozirgi janglar sunʼiy intellekt, raqamli boshqaruv, uzoq masofaga yuqori aniqlikda zarba beruvchi vositalar, kiber va robot texnologiyalar, siyosiy-iqtisodiy bosim asosida olib borilmoqda, – dedi davlatimiz rahbari.

Shu bois, tinchlik va xotirjamlik eng qimmat boylikka aylanayotganini bir daqiqa ham unutmaslik lozimligi taʼkidlandi. Bu boylikni asrab-avaylash uchun esa har bir soha va tarmoq xavf-xatarlarga oldindan javob qaytarish bo‘yicha “proaktiv ish rejimi”ga o‘tishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Oliy Bosh Qo‘mondon kelgusi istiqbolga mo‘ljallangan eng muhim vazifalarni belgilab berdi.

Harbiy kadrlar tayyorlash tizimini yana-da takomillashtirishga ustuvor eʼtibor qaratiladi.

– Shuni unutmaslik kerakki, harbiy taʼlim va kadrlar tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish armiyaning yangi qiyofasini shakllantirishning asosiy shartidir– dedi Prezident.

Muddatli harbiy xizmat – faqat jismoniy va harbiy tayyorgarlik emas, balki yoshlarimiz jamiyatda mustahkam o‘rnini topishi uchun ularni mehnat bozoriga va mustaqil kasbga tayyorlash bosqichi sifatida tashkil etilishi zarurligi qayd etildi.

Jumladan, armiyada yoshlar kamida bitta kasb egasi bo‘lib chiqishi bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratiladi. Harbiy qismlardagi asosiy yo‘nalish va mutaxassisliklardan kelib chiqib, askarlarni kasbga tayyorlash bo‘yicha 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi. Dasturni yakunlagan askarlar malaka imtihonidan o‘tkazilib, ularga kasb sertifikati beriladi.

Har yili 5 ming askar saralab olinib, “Bir million dasturchi” va “Besh million sunʼiy intellekt yetakchisi” dasturlari doirasida o‘qitiladi.

Askarlarga muddatli harbiy xizmatni o‘tash davrida harbiy qismning o‘zida oliygohga o‘qishga kirish uchun imtihon topshirish imkoniyati yaratiladi. Test sinovlaridan muvaffaqiyatli o‘tib, talabalikka qabul qilingan askarlar muddatli harbiy xizmat yakunlanishi bilan oliygohda o‘qishini boshlaydi.

Shu bilan birga, armiyadan qaytib, oliy o‘quv yurtlarida tahsil olmoqchi bo‘lgan yoshlarga xorijiy til va fan sertifikati olish xarajatlari qoplab beriladi. Agar ular oliygohlarga kontraktga kirsa, foizsiz taʼlim krediti ajratiladi.

Bundan tashqari, armiyadan qaytgan yoshlar bandligini taʼminlash bo‘yicha ham alohida imtiyozlar beriladi. Jumladan, tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi yoshlarning kredit xarajatini 6 foizi davlat tomonidan qoplanadi, davlat tashkilotlariga ishga kirmoqchi bo‘lgan yoshlar uchun Boshqaruv samaradorligi agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test ballariga 10 foizlik imtiyoz berish amaliyoti joriy qilinadi. Xususiy sektorda faoliyat yuritmoqchi bo‘lgan yoshlarga kasbni egallash va sertifikat olish xarajatlari to‘lab beriladi.

– Bir so‘z bilan aytganda, “muddatli harbiy xizmatni o‘tash – yoshlar uchun muvaffaqiyat yo‘li”ga aylanishi kerak, – dedi Prezidentimiz.

Muhandislik-texnika, kiberxavfsizlik va axborot xurujlariga qarshi kurashish sohalarida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash eng muhim masala ekani taʼkidlandi. Shu bois, muhandislik-texnik yo‘nalishdagi harbiy-ilmiy bazani mustahkamlash, joylarda harbiy texnoparklar tashkil etish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.

Harbiy xizmatchilarning jangovar shayligini yana-da mustahkamlash bilan birga, ularning maʼnaviy olamini ham muntazam boyitib borishni zamonning o‘zi talab etmoqda.

Bunda kitobxonlik muhim o‘rin tutadi. Shu bois, joriy yilda barcha harbiy qism va muassasalar jami 1 million nusxadagi badiiy adabiyotlar bilan taʼminlanadi.

Qurolli Kuchlar tizimidagi harbiyga yo‘naltirilgan maktab-litsey o‘quvchilari, muddatli harbiy xizmatchilar, kursantlar, serjant va ofitserlar o‘rtasida Oliy Bosh Qo‘mondon sovrini uchun kitobxonlik tanlovi yo‘lga qo‘yiladi. Okrug, qo‘mondonlik, vazirlik, Oliy Bosh Qo‘mondon tanlovlarida g‘olib va sovrindor bo‘lgan askarlarning muddatli harbiy xizmati bir oyga qisqartirib beriladi.

Har yili harbiy xizmatchilar o‘rtasida ko‘pkurash, qo‘l jangi, og‘ir atletika kabi sportning 10 dan ortiq anʼanaviy turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilmoqda. Endi joriy yildan boshlab kibersport, dron va robot texnologiyalari kabi zamonaviy sport turlari bo‘yicha uch bosqichli musobaqalar tashkil etiladi.

– Mintaqaviy va global vaziyatni doimiy tahlil qilib borish, milliy armiyamizning salohiyatini mustahkamlash – bugungi kun talabi. O‘zbekiston armiyasi xalq himoyasiga doimo tayyor turishi, buning uchun tezkor, yuqori texnologiyali, yangi jang sharoitlariga mos bo‘lishi kerak, – dedi Prezident.

Shu sababli, qo‘shinlarni sunʼiy intellekt asosidagi robotlashgan majmualar va uchuvchisiz tizimlar, yengil harbiy texnika, zamonaviy qurol-aslaha, razvedka vositalari bilan jihozlashga alohida eʼtibor qaratish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.

Prezidentimiz mudofaa sanoatini yana-da rivojlantirish, soha korxonalarida raqamli texnologiyalar va sunʼiy intellektni joriy etish ustuvor vazifalardan biri bo‘lishi kerakligini qayd etdi.

Davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarini raqamlashtirish sharoitida kiberxavfsizlikni taʼminlash va milliy raqamli infratuzilmaning barqarorligini mustahkamlash alohida ahamiyat kasb etadi. Shu bois, mutasaddilarga shaxsga doir maʼlumotlar va raqamli tizimlar himoyasini taʼminlash bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni belgilash topshirildi.

– Harbiy xizmatchilar mehnatini qadrlash, ularning oila aʼzolari va harbiy pensionerlarni ijtimoiy himoya qilish doimo diqqat-eʼtiborimiz markazida bo‘lishi zarur, – dedi Prezidentimiz va bu borada katta yangiliklarni eʼlon qildi.

Xususan, 1 apreldan boshlab Mudofaa vazirligi ofitserlariga ko‘p yillik xizmati uchun ustama miqdori 2 karra oshiriladi. Kontrakt asosida xizmat qilayotgan oddiy askar va serjantlarning oylik maoshi 10 foizga ko‘paytiriladi.

Hududiy mudofaa ishlari boshqarmasi va bo‘limlarining harbiy bo‘lmagan xizmatchilarini oyligi bu yil 20 foizga, kelasi yili yana 50 foizga oshiriladi.

Qurolli Kuchlar safida 30 yildan ortiq xizmat qilgan harbiylar uchun pensiya hisoblashda inobatga olinadigan oylik miqdori 75 foizdan 100 foizga yetkaziladi.

Shu bilan birga, harbiy xizmatchilar uchun uy-joy qurilishi kengaytiriladi.

Masʼullarga harbiy xizmatchilarning pensiya taʼminotini belgilaydigan qonun loyihasini ishlab chiqib, parlamentga kiritish topshirildi.

Zamonaviy xavf va tahdidlarning mazmuni ham, ko‘lami ham kundan-kunga o‘zgarib borayotgani, mudofaa va xavfsizlik sohasi oldiga katta vazifalar qo‘yilayotganini inobatga olib, davlatimiz rahbari sakkiz yil oldin qabul qilingan Mudofaa doktrinasi hamda 1997-yilda qabul qilingan Milliy xavfsizlik konsepsiyasini qayta ko‘rib chiqish vaqti kelganini ko‘rsatib o‘tdi.

Yangi Mudofaa doktrinasi mamlakatimizni hech qaysi harbiy blokka qo‘shilmaslik maqomini saqlab qolishini, ko‘p tomonlama diplomatiyaga tayanishda davom etishini, yuqori texnologiyalarga asoslangan strategiya, harbiy mustaqillik va mintaqaviy barqarorlik yo‘nalishida rivojlanishini taʼminlashi lozimligi taʼkidlandi.

– Umuman, yangi doktrina armiyani texnologik yangilash va ilg‘or harbiy yechimlarni joriy etish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi kerak, - dedi Prezidentimiz.

Davlatimiz rahbari yig‘ilish yakunida Qurolli Kuchlarimizning jasur askar va serjantlari, ofitser va generallari, faxriylari, ularning oila aʼzolari va yaqinlarini O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 34 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabrikladi.

– Sizlarning jasoratingiz, qasamyodga sadoqatingiz, el-yurt himoyasi yo‘lidagi fidoyiligingiz bilan butun xalqimiz faxrlanadi. Go‘zal yurtimizda tinchlik-osoyishtalik va hamjihatlik doimo hukm sursin, jonajon Vatanimiz yana-da mustahkam va barqaror bo‘lsin! – dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda mudofaa vaziri, harbiy okrug qo‘mondonlari va boshqa masʼullarning hisobot hamda takliflari eshitildi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish