Logo

Saudiya Arabistoni tomoni O‘zbekistondan podshohlikka tashrif buyurayotgan fuqarolarning mamlakatda bo‘lishi bilan bog‘liq muammolar soni kam deb hisoblaydi

Dekabr 24, 2025. 22:30 • 53 soniya

156
Saudiya Arabistoni tomoni O‘zbekistondan podshohlikka tashrif buyurayotgan fuqarolarning mamlakatda bo‘lishi bilan bog‘liq muammolar soni kam deb hisoblaydi

TOSHKENT, 24-dekabr. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Olimjon Abdullayev boshchiligidagi delegatsiya kecha Saudiya Arabistoni ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Xolid bin Muhammad Al-Battal bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

TIV maʼlumotiga ko‘ra, muloqot chog‘ida ikki mamlakat Rahbarlarining qatʼiy siyosiy irodasi tufayli O‘zbekiston – Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlari izchil rivojlanib, yangi bosqichga ko‘tarilayotgani, shuningdek, oliy va yuqori darajadagi tashriflar almashinuvi tobora faollashib borayotgani qayd etildi.

Saudiya Arabistoni tomoni O‘zbekistondan podshohlikka tashrif buyurayotgan fuqarolarning mamlakatda bo‘lishi bilan bog‘liq muammolar soni kamligini alohida taʼkidlab, o‘zbek xalqiga bo‘lgan yuksak hurmat va ehtiromni bildirdi.

Uchrashuvda Haj va Umra mavsumlarida podshohlikka tashrif buyurish hamda viza olish jarayonlarini amaldagi qonunchilik doirasida tashkil etish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish zarurligi qayd etildi.

Tomonlar hozirda ikki davlat ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida faoliyat yuritayotgan qo‘shma komissiya ishini yanada rivojlantirish, shuningdek, fuqarolarning huquq va manfaatlarini taʼminlashga qaratilgan chora-tadbirlarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.

Default Avatar

Material muallifi

Адилбек Каипбергенов

editor1@dunyo.info

Default Avatar

Material muallifi

Maftuna Rajabbayeva

maftuna@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish