Logo

AQSh Milliy geografik jamiyati O‘zbekistonda media va ekologik loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor

Aprel 06, 2026. 12:27 • 2 daq

103
AQSh Milliy geografik jamiyati O‘zbekistonda media va ekologik loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor

VASHINGTON, 6-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston diplomatlari Amerikaning Milliy geografik jamiyatining (“National Geographic Society”) fan va innovatsiyalar bo‘yicha direktori Ian Miller bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuvda O‘zbekiston tomonidan Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi, “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamda diplomatik korpus vakillari ishtirok etdi.

Tomonlar O‘zbekistonning tabiiy, madaniy, ilmiy va sayyohlik salohiyatini xalqaro maydonda birgalikda targ‘ib qilish imkoniyatlarini muhokama qildi. Xususan, qor qoploni, sayg‘oq, cho‘l sudralib yuruvchilari va ko‘chib yuruvchi qushlar kabi noyob hamda yo‘qolib borayotgan hayvon turlarini o‘rganish va hujjatlashtirish bo‘yicha ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish masalasi ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, hujjatli filmlar va media loyihalar sohasida hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Jumladan, O‘zbekiston ekotizimi va Buyuk Ipak yo‘li landshaftlari haqida “National Geographic” hujjatli filmini yaratish, “Orol dengizi mintaqasini tiklash” multimedia loyihasini amalga oshirish, mahalliy aholining anʼanaviy ekologik bilim va barqaror amaliyotlari haqida materiallar tayyorlash rejalashtirilmoqda.

Bundan tashqari, tomonlar ekologik turizmni rivojlantirish va mamlakatning tabiiy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi. Nurota tog‘ tizmasi, Orol dengizi mintaqasi, Ustyurt platosi va G‘arbiy Tyan-Shan istiqbolli yo‘nalishlar sifatida qayd etildi. Shu bilan birga, O‘zbekistonni tashkilotning “Destinations of a Lifetime” loyihasiga kiritish imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.

“National Geographic Society” tashkilotining “Destinations of a Lifetime” loyihasi bu – dunyodagi eng ajoyib, noyob va borishga arziydigan joylar ro‘yxati sanaladi. U loyihaga kirgan davlatlar turistlar uchun juda jozibali hisoblanadi, xalqaro miqyosda reklamaga ega bo‘lib, sayohat qilish uchun “orzu qilingan manzillar” qatoriga kiradi.

“National Geographic Society” vakillari hamkorlik imkoniyatlarini batafsil o‘rganish maqsadida O‘zbekistonga tashrif buyurishdan manfaatdor ekanini bildirdi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish