Logo

“Novastan”: 1966 yilgi Toshkent zilzilasi shahar rivojida burilish nuqtasi bo‘lgan

May 02, 2026. 15:30 • 3 daq

271
“Novastan”: 1966 yilgi Toshkent zilzilasi shahar rivojida burilish nuqtasi bo‘lgan

BERLIN, 2 may. /“Dunyo” AA/. Markaziy Osiyo haqida nemis, ingliz va fransuz tillarida yozadigan nufuzli “Novastan” onlayn-jurnalida 1966-yilgi Toshkent zilzilasi va shaharning qay tarzda tiklangani xususida maqola e’lon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqola muallifi Bodo Tyonsning yozishicha, 1966-yil 26-aprel kuni soat 05:23da Toshkent shahri kuchli zilzila natijasida qattiq larzaga kelgan. Ushbu zilzila katta vayrongarchilikka sabab bo‘lgan bo‘lsa-da, keyingi qayta qurilish ishlari shaharning zamonaviy qiyofasini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etgan.

1966 yilgi Toshkent zilzilasining magnitudasi taxminan 5,2 bo‘lganiga qaramay, epitsentrning shahar markazi va yer yuzasiga yaqin joylashgani bois katta vayrongarchilikka sabab bo‘lgan. 10–11 soniya davom etgan birinchi zarba minglab binolarga jiddiy zarar yetkazgan, keyingi aftershoklar esa aholi orasida xavotirni kuchaytirgan.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 28 mingga yaqin bino vayron bo‘lgan yoki shikastlangan, o‘nlab inson halok bo‘lgan, 150 nafarga yaqin kishi jarohat olgan. Ofatdan so‘ng minglab odamlar uysiz qolgan, shahar bo‘ylab chodir shaharchalari tashkil etilib, aholi oziq-ovqat va tibbiy yordam bilan ta’minlangan. Toshkentning strategik ahamiyati sababli markaziy hokimiyat qisqa muddatda shaharni qayta tiklash dasturini ishlab chiqqan.

Toshkentni nafaqat tiklash, balki uni zamonaviy, rejali, barqaror va zilzilaga chidamli shahar sifatida qayta qurishdan iborat bo‘lgan. Shu maqsadda butun ittifoqdan o‘n minglab muhandis, me’mor va quruvchilar jalb etilib, keng ko‘lamli qurilish ishlari amalga oshirilgan.

Jurnalda qayd etilishicha, 1967-yilga kelib yangi bosh reja tasdiqlangan va keyingi to‘rt yil ichida millionlab kvadrat metr yangi uy-joy va ijtimoiy obyektlar barpo etilgan. Keng ko‘chalar, zamonaviy turar-joy massivlari, maktablar, shifoxonalar va madaniy muassasalar qurilgan. Shu tariqa bugungi shahar qiyofasini belgilab bergan infratuzilma va me’moriy asoslar shakllanib, shahar butunlay yangi qiyofaga kirgan.

1976-yilda, zilzilaning o‘n yilligi munosabati bilan, epitsentr joyida “Jasorat” yodgorligi o‘rnatilgani va unda oila timsoli orqali insonning matonati tabiat kuchlari oldidagi bardoshi va irodasi aks ettirilgan. Yodgorlikda zilzilaning aniq sanasi va vaqti ham ko‘rsatilgan bo‘lib, u faqat fojiani emas, balki xalqning jasorati va tiklanish ruhini ifodalangan.

Bugungi kunda Toshkent Markaziy Osiyodagi eng yirik va zamonaviy shaharlardan biri hisoblanadi. Aholisi bir necha millionga yetgan bu shaharning infratuzilmasi, ko‘cha tarmoqlari va ko‘plab turar-joy massivlari aynan 1966-yildan keyingi qayta qurilish natijasida shakllangan.

1966 yilgi Toshkent zilzilasi xalq xotirasida og‘ir sinov sifatida muhrlangan. Ammo bu voqea bir vaqtning o‘zida matonat, hamjihatlik va bunyodkorlik ramziga ham aylangan. “Biz larzaga keldik, ammo taslim bo‘lmadik” degan ibora bugun ham Toshkent tarixi va uning aholisi irodasini ifodalaydi.

“Novastan” nashrida Toshkent zilzilasi faqat tabiiy ofat sifatida emas, balki shaharning keyingi me’moriy va ijtimoiy taraqqiyotini belgilagan tarixiy voqea sifatida tahlil qilingan.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish