Qozog‘istonning Uralsk shahrida O‘zbekiston fuqarolari uchun sayyor qabul o‘tkazildi
Mart 09, 2026. 15:30 • 2 daq
• 88URALSK, 9-mart. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning Uralsk shahrida doimiy va vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari ishtirokida sayyor qabul o‘tkazilib, ularga kerakli konsullik-huquqiy konsultatsiya berildi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Ushbu sayyor qabul mamlakatimizning Oqtov shahridagi bosh konsulxonasi tomonidan Oqtov shahriga kelishi mushkul yurtdoshlar uchun tashkil etildi.
Tadbirda diplomatlarimiz vatandoshlarga Qozog‘iston qonunchiligini buzmaslik, qonunlarga rioya etish, O‘zbekiston nomiga dog‘ tushirmaslik, turli radikal oqimlar va noqonuniy guruhlarga aralashmaslik zarurligini taʼkidladi.
Hamyurtlarimizning xorijga chiqish uchun biometrik pasportni rasmiylashtirish, shaxsni tasdiqlovchi hujjat hamda Vatanga qaytish guvohnomasini rasmiylashtirish kabi murojaatlari ko‘rib chiqildi.
Shu bilan birga, mehnat migratsiyasi, fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy ahvolini yaxshilash masalalarida fikr almashildi. Vatandoshlarni qiynayotgan muammo va kamchiliklar o‘rganildi. Ularga yechim topish borasida tegishli taklif va tashabbuslar bildirildi.
Yurtdoshlarga Yevropa va boshqa rivojlangan davlatlarga Migratsiya agentligi tomonidan qonuniy ravishda xorijga chiqish masalalari tushuntirildi. Vatandoshlarga doimiy ravishda aloqada bo‘lish va murojaat qilishi uchun kerakli maʼlumotlar tarqatildi.
Muloqot chog‘ida Qozog‘iston qonunchiligiga rioya qilish zarurligi, shuningdek, agarda ularning huquq va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda Bosh konsulxonaga murojaat qilish tartiblari tushuntirildi.
Sayyor qabul so‘nggida yurtimiz fuqarolari uchun iftorlik dasturxoni tashkil etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



