Kanadadagi o‘zbek diasporasi uchun iftorlik va sayyor konsullik qabuli tashkil etildi
Mart 16, 2026. 19:30 • 2 daq
• 145
TORONTO, 16-mart. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonning AQSHdagi elchixonasi diplomatlari “Kanadadagi o‘zbek hamjamiyati” diaspora tashkiloti bilan hamkorlikda Toronto shahrida istiqomat qilayotgan vatandoshlar uchun iftorlik dasturxoni yozdilar, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Mazkur tadbir muqaddas Ramazon oyining fayzini baham ko‘rish bilan birga, davlatimizning xorijdagi fuqarolariga bo‘lgan yuksak eʼtibori va g‘amxo‘rligining navbatdagi ifodasi bo‘ldi. Iftorlik Kanadadagi vatandoshlar o‘rtasida jipslikni mustahkamlash, o‘zaro ishonch va do‘stlik rishtalarini bog‘lash maqsadida tashkil etildi.
Ontario provinsiyasida istiqomat qiluvchi ko‘plab yurtdoshlarimiz ishtirok etgan tadbirda elchixona vakillari yig‘ilganlarni Ramazon oyi bilan qutlab, O‘zbekiston hukumati tomonidan chet eldagi fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar haqida so‘zladi.
Tadbirning amaliy ahamiyati shundaki, iftorlik oldidan elchixona xodimlari tomonidan sayyor konsullik xizmatlari ko‘rsatildi. Britan Kolumbiyasi, Kvebek, Ontario va Alberta kabi yirik hududlardan kelgan fuqarolar pasportlarni yangilash, notarial harakatlar va boshqa huquqiy masalalar bo‘yicha bevosita joyida konsultatsiyalar oldi.
Uchrashuvda so‘zga chiqqan vatandoshlar O‘zbekiston Prezidenti tomonidan yuritilayotgan insonparvar va ochiq siyosat tufayli xorijdagi o‘zbekliklar hech qachon eʼtibordan chetda qolmayotganini taʼkidladi.
Ishtirokchilar Kanadaning boshqa provinsiyalarida ham bu kabi sayyor qabullarni davom ettirish istagini bildirib, ko‘rsatilayotgan amaliy yordam va g‘amxo‘rlik uchun davlatimiz rahbariyatiga samimiy minnatdorlik izhor etdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi