Logo

O‘zbekiston faxriy konsuli Barselona konsullik korpusi ijroiya qo‘mitasi a’zosi bo‘ldi

Aprel 01, 2026. 19:28 • 2 daq

87
O‘zbekiston faxriy konsuli Barselona konsullik korpusi ijroiya qo‘mitasi a’zosi bo‘ldi

MADRID, 2-aprel. /“Dunyo” AA/. Kataloniyaning “El Nacional” nashrida yozilishicha, O‘zbekistonning Ispaniyadagi faxriy konsuli Pere Visens Raxola Barselona konsullik korpusi ijroiya qo‘mitasi tarkibiga kiritilgan, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda ma’lum qilinishicha, Barselona konsullik korpusi ijroiya qo‘mitasi konsullik vakolatxonalarining samarali faoliyatini ta’minlash hamda a’zolar o‘rtasidagi muvofiqlashtirishni amalga oshiruvchi muhim organ hisoblanadi.

Hozirda Barselona shahrida 98 ta konsullik vakolatxonasi faoliyat yuritmoqda. Kataloniya hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, u poytaxt bo‘lmagan shaharlar orasida konsulliklar soni bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi o‘rinni egallaydi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha shahar Nyu-York, Gamburg va Gonkongdan keyin turadi.

Ijroiya qo‘mitasi konsullik korpusi, biznes hamjamiyati va mahalliy institutlar o‘rtasidagi hamkorlikni muvofiqlashtirishda muhim o‘rin tutadi. Uning asosiy vazifalariga iqtisodiy va madaniy almashinuvlarni rivojlantirishga ko‘maklashish, konsulni yuborgan davlat va uning fuqarolari manfaatlarini himoya qilish, shuningdek do‘stona munosabatlar hamda savdo-iqtisodiy, madaniy va ilmiy hamkorlikni kengaytirish kiradi.

Mazkur qo‘mita tarkibiga keng ishbilarmonlik va diplomatik aloqalarga ega bo‘lgan nufuzli va tajribali vakillar tanlab olinadi.

Pere Visens Raxola ta’lim va nashriyot sohalari rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan taniqli ispan jamoat va ishbilarmon arbobidir. U 2002-yildan buyon O‘zbekistonning Ispaniyadagi faxriy konsuli sifatida faoliyat yuritib kelmoqda. Uning bu lavozimdagi ishi izchillik, tashabbuskorlik va amaliy natijadorlik bilan ajralib turadi.

Uning sa’y-harakatlari natijasida O‘zbekiston va Ispaniya o‘rtasidagi munosabatlar izchil rivojlanmoqda, madaniy-gumanitar aloqalar kengaymoqda, shuningdek mamlakatimizning sayyohlik salohiyatiga qiziqish ortib bormoqda.

Madriddagi O‘zbekiston elchixonasi ta’kidlashicha, faxriy konsulning Barselona konsullik korpusi ijroiya qo‘mitasi tarkibiga kiritilishi mamlakatimizning xalqaro imijini mustahkamlash va Yevropa makonidagi ishtirokini kengaytirishga xizmat qiladigan muhim qadamdir.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish