Bollivudning mashhur aktyori Amir Xon Toshkentda ikkinchi Hindiston ayollar kinosi festivali o‘tkazilishini qo‘llab-quvvatladi
Mart 11, 2026. 19:29 • 2 daq
• 38
DEHLI, 11-mart. /“Dunyo” AA/. Hind kinematografiyasi afsonasi, aktyor va rejissyor Amir Xon 2026-yil 13–15-mart kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan ikkinchi Hindiston ayollar kinosi festivali arafasida o‘zbekistonlik tomoshabinlarga maxsus videomurojaat yo‘lladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Aktyor o‘z videomurojaatida mazkur festivalning O‘zbekiston poytaxtida tashkil etilayotganidan chin dildan xursand ekanligini bildirgan. U “Dangal” filmi va uning butun ijodiy jamoasi uchun mazkur kartina ayollarning kuch-qudrati, matonati va imkoniyatlari tarannum etiladigan ushbu bayramning bir qismiga aylanishi katta sharaf ekanini ta’kidlagan.
Aktyorning fikricha, festival ayollar taqdiri, ularning kurashi va zafarlarini hikoya qilish orqali zamonaviy san’atga muhim hissa qo‘shmoqda. San’atkor O‘zbekistonga shaxsan tashrif buyurishni juda xohlagani, biroq ish jadvali tig‘izligi sababli joriy yilda buning iloji bo‘lmaganini e’tirof etgan. Shunga qaramay, Amir Xon kelgusida Toshkentga albatta kelishga va’da berdi.
Bo‘lajak festival Xalqaro xotin-qizlar bayramiga bag‘ishlangan. Mazkur madaniy voqea Toshkentda birinchi marta 2025-yil mart oyida uyushtirilgan edi. O‘tgan yilgi muvaffaqiyat o‘zbek tomoshabinlarining muhim ijtimoiy masalalarni ko‘taruvchi zamonaviy hind dramalariga bo‘lgan yuqori qiziqishini yana bir bor namoyish etdi.
Joriy yil filmlar namoyishi Milliy kinematografiya san’ati saroyi (“Panorama” kinoteatri)da bo‘lib o‘tadi. Barcha seanslarga kirish bepul bo‘lib, filmlar o‘zbek va ingliz tillaridagi subtitrlar bilan namoyish etiladi.
Festivalning o‘tkazilishi O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida jadal rivojlanib borayotgan hamkorlikning yorqin tasdig‘i bo‘ldi.
So‘nggi yillarda madaniyat va kino sohasidagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi. Qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda, hind delegatsiyalari Toshkent xalqaro kinofestivalining an’anaviy mehmonlariga aylangan, o‘zbek filmlari esa Hindistondagi nufuzli festivallarda tobora ko‘proq taqdim etilmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi