Pokiston kompaniyasi O‘zbekistonda bolalar va sport poyabzallarini ishlab chiqarishga qiziqish bildirmoqda
Mart 14, 2026. 17:30 • 2 daq
• 80
LAHOR, 14-mart. /“Dunyo” AA/. Amaliy tashrif bilan Pokistonning Lahor shahrida bo‘lib turgan Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi «Hawk Fire Industries» kompaniyasi rahbari Kashif Raza bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Muzokaralarda, shuningdek, O‘zbekiston elchisi Alisher To‘xtayev ishtirok etdi.
Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, shuningdek «Hawk Fire Industries» kompaniyasi ishtirokida Toshkent viloyatida charmni qayta ishlash sanoatida investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Pokiston tomoniga O‘zbekistonda terini qayta ishlash sanoatida amalga oshirilayotgan islohotlar, xorijiy investorlar uchun yaratilgan qulay sharoitlar, maxsus sanoat zonalari, xususan Toshkent viloyatida tashkil etilgan terini qayta ishlash bo‘yicha maxsus sanoat zonasining imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi. Bugungi kunda Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi barcha terini qayta ishlash korxonalari mazkur sanoat zonasida joylashtirilayotgani qayd etildi.
Shuningdek, O‘zbekistonda charm sanoati asosan mol terisidan mahsulotlar ishlab chiqarishga ixtisoslashgani, mayda shoxli chorva mollari terisining katta qismi esa hozircha to‘liq qayta ishlanmayotgani taʼkidlandi. Mavjud xomashyo zahirasidan samarali foydalanish maqsadida Pokiston tomoniga Toshkent viloyatidagi terini qayta ishlash bo‘yicha maxsus sanoat zonasida investitsiyaviy loyihani amalga oshirish taklifi bildirildi.
«Hawk Fire Industries» kompaniyasi rahbarining aytishicha, korxona ushbu sohada 30 yildan buyon faoliyat ko‘rsatadi va terini qayta ishlashdan tortib tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan quvvatlarga ega. Taʼkidlanishicha, korxona jahon bozori standartlariga to‘la javob beradigan bolalar poyabzallari, ayollar va erkaklar uchun mo‘ljallangan turli xil sumkalar hamda sport anjomlarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.
«Biz O‘zbekistonda qo‘shma loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini o‘rganish va “UzCharmExpo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasida ishtirok etish maqsadida shu yil aprel oyida biznes-missiya bilan yurtingizga borishni rejalashtiryapmiz. Kelgusida O‘zbekistonda bolalar va sportchilar uchun mo‘ljallangan oyoq kiyimlar, shuningdek, bokschilar uchun charm qo‘lqoplar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, ularni Yevropa bozorlariga, xususan Germaniyaga eksport qilishni reja qilganmiz», – dedi Kashif Raza.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi