Polsha OAV: O‘zbekiston – Osiyoda tobora yuksalib borayotgan sport mamlakatiga aylanmoqda
Yanvar 18, 2026. 14:31 • 3 daq
• 180
VARSHAVA, 19-yanvar. /“Dunyo” AA/. Polshadagi Markaziy Yevropa instituti tahliliy markazi jurnalida “Kierunek Kaukaz” axborot-tahliliy elektron portali asoschisi, Prezident devoni matbuot xizmati masʼul xodimi Kasper Oxmanning “O‘zbekiston – Osiyoda yuksalib borayotgan sport mamlakati” sarlavhali maqolasi eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashrda yozilishicha, har bir mamlakatning ijtimoiy hayotini rivojlantirishda sport muhim o‘rin tutadi. Sport nafaqat salomatlikni mustahkamlash, balki yoshlarni tarbiyalash, yangi muvaffaqiyatlar orqali milliy birdamlikni mustahkamlash, davlatning xalqaro maydondagi nufuzini oshirish vositasidir.
O‘zbeklarning ijtimoiy ongida yuqori malakali sportchilarning muvaffaqiyatlari ham, ommaviy jismoniy tarbiya ham bir xil ahamiyatga ega. Xalqning ijtimoiy xotirasini ifodalovchi milliy sport turlari ham muhimdir. Zamonaviy O‘zbekistonda jamiyat madaniy xotirasining muhim tarkibiy qismiga aylangan qator anʼanaviy sport turlari rivojlanmoqda.
Ot sporti O‘zbekistonda juda mashhur musobaqa turi bo‘lib kelgan va shunday bo‘lib qolmoqda. Ot sporti hozirgi O‘zbekiston hududida yashagan ko‘chmanchi xalqlarning boy madaniyati va tarixining bir qismidir.
Ko‘pkari miloddan avvalgi II-III asr boshlarida paydo bo‘lgan sport turi bo‘lib, unda echki yoki qo‘yni halollagandan so‘ng chavandozlar oldiga uloq qilib tashlangan. So‘ngra, chavandozlar o‘sha uloqni otdan tushmasdan ko‘tarishga harakat qilishgan. Vazifa – raqiblarga qarshilik ko‘rsatish orqali uloqni olib, olomondan qochish va marraga olib kelish edi.
Jurnalda taʼkidlanishicha, ommalashgan sport turlaridan yana biri kurash, yaʼni milliy kurashdir. Kurash bellashuvi ko‘p asrlik hurmat va halollikka asoslangan falsafani o‘zida mujassam etgan. Hozirgi O‘zbekiston va umuman, Markaziy Osiyo xalqlari bilan bog‘liq bo‘lgan bu o‘yinlar asrlar davomida rivojlanib kelgan.
1992 yilda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tashkil etilib, 1994-yildan boshlab, o‘zbekistonlik sportchilar mustaqil O‘zbekiston bayrog‘i ostida xalqaro musobaqalarda ishtirok etib kelmoqda. 1996 yilda Atlantada bo‘lib o‘tgan Olimpiya o‘yinlarida kurashchi Armen Bagdasarov O‘zbekiston tarixida birinchi Olimpiya medalini qo‘lga kiritdi.
O‘zbekistonda sport turlari bo‘yicha yosh isteʼdodlarni kamol toptirish maqsadida maxsus sport maktablari, akademiyalar tashkil etildi. Futbol sohasida viloyatlar va Toshkent shahridagi davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari negizida bolalar va o‘smirlar uchun futbol akademiyalari tashkil etildi.
2018-yildan boshlab akademiyalar kelajakda professional tayyorgarlik ko‘rish uchun istiqbolli yosh futbolchilarni tanlab olmoqda. Milliy terma jamoalar va professional futbol klublari uchun yuqori sifatli sport inshootlarini yaratilmoqda.
Bu muassasalar intensiv tayyorgarlikni taʼminlab, jahon darajasidagi sportchilarni tarbiyalashga asos bo‘ladi. Boks, kurash, dzyudo, futbol, yengil atletika kabi sport turlari davlat sport siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylandi.
2022-yilda Prezident professional sport markazlarini qurish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Toshkentda Bahodir Jalolov nomidagi boks maktabi tashkil etildi. Muallifning taʼkidlashicha, maktab ochilganidan bir yil o‘tib, uning o‘quvchilari respublika va xalqaro musobaqalarda 26 ta oltin, 18 ta kumush va 15 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan.
Bu yil futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi Jahon chempionatida debyut qiladi. Mundialdagi ishtirok butun xalq uzoq kutgan tarixiy voqea bo‘ladi.
Maqola muallifi bu yutuqlarda Abbosbek Fayzullayev, Eldor Shomurodov, Abduqodir Husanov kabi kuchli chempionatlarda to‘p tepayotgan futbolchilarning katta roli o‘ynaganini alohida taʼkidlagan.
Parijda bo‘lib o‘tgan yozgi Olimpiya o‘yinlarida Diyora Keldiyorova dzyudo bo‘yicha oltin medalni qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbek ayoli bo‘ldi. Ulug‘bek Rashidov esa Olimpiya chempionligini qo‘lga kiritgan birinchi o‘zbek taekvondochisi sifatida tarixga kirdi. Ulug‘bek Rashidov Hasanboy Do‘smatov va Bahodir Jalolov kabi ikki karra Olimpiada chempioni bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi
