Logo

Zagreb shahrida O‘zbekiston elchisi Xorvatiya hukumati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi

Aprel 04, 2026. 15:30 • 2 daq

98
Zagreb shahrida O‘zbekiston elchisi Xorvatiya hukumati vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi

ZAGREB, 5-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Oybek Shaxavdinov Xorvatiya hukumatining qator yuqori martabali vakillari bilan samarali muzokara o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Zagreb shahrida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda Xorvatiya Bosh vaziri o‘rinbosari, dengiz transporti va infratuzilma vaziri Oleg Butkovich, Mehnat, pensiya taʼminoti, oila va ijtimoiy siyosat vaziri Alen Rujich, Tashqi va Yevropa ishlari vazirligi davlat kotibi Frano Matushich hamda Bosh vazirning tashqi siyosat bo‘yicha maslahatchisi Dino Mixanovich bilan muloqot qildi.

Suhbat jarayonida ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy sohalardagi hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari atroflicha muhokama qilindi.

Tomonlar oliy va yuqori darajadagi tashriflarni tashkil etish, muntazam siyosiy muloqotni faollashtirish hamda ikki tomonlama munosabatlarning huquqiy asosini mustahkamlovchi hukumatlararo bitimlarni imzolashga tayyor ekanini bildirdi.

Muzokaralar chog‘ida mehnat migratsiyasi masalalari ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Xususan, o‘zbekistonlik mutaxassislarni Xorvatiyada mehnat qilishi uchun kasbga tayyorlash bo‘yicha qo‘shma taʼlim va til dasturlarini yo‘lga qo‘yish, xorijda mehnat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolarining huquqlarini himoya qilish choralari muhokama qilindi.

O‘zbekiston elchisi Xorvatiyaning yirik energetika kompaniyasi “JANAF” boshqaruvi raisi Stepan Adanich bilan uchrashib, infratuzilma va energetik loyihalar bo‘yicha hamkorlik istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Ishtirokchilar iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni kengaytirish, tajriba almashish va sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib oldi.

Ushbu uchrashuvlar O‘zbekiston va Xorvatiya o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini kelgusida ham rivojlantirishga zamin yaratishi, ikki davlat o‘rtasida do‘stona munosabatlarni yana-da yuksaltirishi alohida taʼkidlandi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish