Vashingtonda “O‘zbekiston turizm kuni” festivali o‘tkazildi
May 04, 2026. 16:55 • 2 daq
• 217VASHINGTON, 4-may. /“Dunyo” AA/. AQSH poytaxtida “Passport DC – Jahon elchixonalari bo‘ylab sayohat” loyihasi doirasida “O‘zbekiston turizm kuni” festivali tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirni o‘tkazishdan asosiy maqsadi – amerikaliklarga O‘zbekistonning sayyohlik imkoniyatlarini ko‘rsatish, milliy madaniyat va anʼanalarni targ‘ib qilish, yurtimizda 2026-yil 1-yanvardan joriy etilgan vizasiz tartib haqida maʼlumot berishdan iborat bo‘ldi.
Bu yilgi festivalda Vashingtondagi 72 ta diplomatik missiya ishtirok etdi. Unda 20 mingdan ortiq mahalliy aholi va xorijiy mehmonlar qatnashdi. O‘zbekiston elchixonasi esa eng ko‘p tashrif buyurilgan joylardan biriga aylanib, bir kunda qariyb 15 ming nafar mehmonni qabul qildi.
Tadbir davomida mehmonlarga O‘zbekistonning sayyohlik va gastronomik imkoniyatlari, boy tarixi va madaniy merosi haqida taqdimotlar namoyish qilindi. Shuningdek, milliy raqslar, jonli musiqa, anʼanaviy liboslar ko‘rgazmasi va xalq o‘yinlari taqdim etildi.
Mehmonlar uchun maxsus tayyorlangan dastur orqali O‘zbekiston haqidagi maʼlumotlar “Passport DC” mobil ilovasida ham taqdim etildi. Tadbir ijtimoiy tarmoqlarda faol yoritilib, ko‘plab ishtirokchilar o‘z taassurotlari va fotosuratlari bilan bo‘lishdi.
Madaniy dastur doirasida o‘zbek milliy raqslari, jumladan, munojot va lazgi ijro etildi, mehmonlarga o‘zbek milliy taomlar tortiq qilindi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



