O‘zbekiston Prezidenti neft-gaz tarmog‘idagi ishlar holatini ko‘rib chiqdi
Aprel 14, 2026. 21:35 • 2 daq
• 132
TOSHKENT, 14-aprel. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyevga bugun neft-gaz tarmog‘ida barqaror ishlab chiqarish ko‘rsatkichlarini taʼminlash va moliyaviy-iqtisodiy samaradorlikni oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan hisobot berildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari matbuot xizmati maʼlumotiga ko‘ra, “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tizimida joriy yilning birinchi choragi yakunlari, ikkinchi chorakdagi asosiy vazifalar, ishlab chiqarish hamda moliyaviy ko‘rsatkichlar dinamikasi ko‘rib chiqildi.
Tarmoqda qazib chiqarish hajmlarini barqarorlashtirish, mavjud yo‘qotishlarni qoplash, quduqlarni ishga tushirish, taʼmirlash va texnologik tadbirlar izchillik bilan olib borilmoqda. Shu bilan birga, xarajatlarni maqbullashtirish, debitor qarzdorlikni qisqartirish, resurslardan samarali foydalanish hamda ayrim yo‘nalishlarda bozor mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha ishlanmoqda.
Quduqlar samaradorligini oshirish va qazib chiqarishga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish masalasiga alohida eʼtibor qaratildi. Bu borada xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda bir qator texnologik yechimlar o‘rganilayotgani va ularni bosqichma-bosqich amaliyotga kiritish ko‘zda tutilayotgani taʼkidlandi.
Geologiya-qidiruv ishlarini kengaytirish, yangi istiqbolli maydonlarni aniqlash va ularni o‘zlashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham axborot berildi.
Jumladan, 2D va 3D seysmik-qidiruv tadqiqotlari ko‘lamini oshirish, yangi maydonlarda burg‘ilash ishlarini boshlash, burg‘ilash dasturlarini xalqaro talablar asosida tashkil etish, shuningdek, supervayzing, geologik-gidrodinamik modellashtirish va loyihalashtirish jarayonlarini yanada takomillashtirish choralari ko‘rilmoqda. Qayd etilganidek, joriy yilda bir qator yangi maydonlarda ish boshlangan bo‘lib, navbatdagi bosqichlarda bu ishlar yanada kengaytiriladi.
O‘rta muddatli dasturlar doirasida qiyin o‘zlashtiriladigan zaxiralarda ishlash, chuqur va murakkab quduqlarni burg‘ilashda ilg‘or xorijiy tajribani jalb etish muhimligi taʼkidlandi.
Davlatimiz rahbari neft-gaz tarmog‘ida ishlab chiqarish barqarorligini taʼminlash, mavjud quvvatlardan unumli foydalanish, geologiya-qidiruv, burg‘ilash va taʼmirlash ishlarini tizimli asosda tashkil etish, moliyaviy intizomni mustahkamlash yuzasidan tegishli topshiriqlar berdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi