Logo

Pokiston OAV: V Toshkent xalqaro investitsiya forumi Markaziy Osiyoning investitsiya kun tartibini shakllantiruvchi platformaga aylanadi

Aprel 15, 2026. 10:48 • 2 daq

41
Pokiston OAV: V Toshkent xalqaro investitsiya forumi Markaziy Osiyoning investitsiya kun tartibini shakllantiruvchi platformaga aylanadi

ISLOMOBOD, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. Pokiston ommaviy axborot vositalari bo‘lajak beshinchi yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumini keng yoritmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, mamlakatning markaziy “Associated Press of Pakistan” AA hamda boshqa yetakchi nashrlar “Toshkent Markaziy Osiyoning investitsiya poytaxti sifatida: V yubiley Xalqaro investitsiya forumi nimalarni vaʼda qilmoqda” sarlavhali maqolalarni eʼlon qildi.

Maqolalarda qayd etilishicha, 2026-yil 16–19-iyun kunlari Toshkent shahrida mamlakatimizning eng yirik investitsiyaviy platformasi va mintaqaning eng muhim biznes-forumlaridan biri bo‘lib o‘tadi. Bu yilgi anjuman “Investment Resilience: New Frontiers, New Partnerships” shiori ostida tashkil etilmoqda.

Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TXIF-2026) mamlakat iqtisodiyoti bilan bir qatorda o‘z miqyosini ham izchil kengaytirib bormoqda. O‘tgan yilgi forum 8 000 dan ortiq ishtirokchini to‘pladi, ulardan qariyb 3 000 nafari dunyoning 97 davlatidan kelgan xorijiy delegatlar bo‘ldi. Imzolangan shartnoma va kelishuvlarning umumiy hajmi esa 30,5 milliard dollarni tashkil etdi.

Bo‘lajak yubiley tadbirining markaziy mavzusi 2026 yil mart oyida O‘zbekiston Prezidenti farmoni bilan tashkil etilgan Toshkent xalqaro moliya markazi bo‘ladi. TXIF-2026 ishbilarmonlik dasturi to‘rtta asosiy blok atrofida tuzilgan bo‘lib, ular investitsiya barqarorligi, kapitalni himoya qilish, moliyaviy infratuzilmani rivojlantirish, logistika koridorlari va iqlimni moliyalashtirish masalalarini o‘z ichiga oladi.

Pokiston OAV alternativ investitsiya fondlari uchun regulyatorlik asoslarini muhokama qilish, O‘rta koridor va Transkaspiy logistikasini rivojlantirish, shuningdek, Markaziy Osiyo davlatlarining suveren reytinglari va aralash moliyalashtirish vositalari bilan ishlash amaliyotiga bag‘ishlangan sessiyalarga alohida eʼtibor qaratmoqda.

Maqolalarda energetika masalalari va O‘zbekistonning 2030-yilgacha elektr energiyasi ishlab chiqarishda qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 54 foizga yetkazish bo‘yicha strategik maqsadiga ham to‘xtalib o‘tilgan.Kutilishicha, TXIF-2026 yanada kengroq ko‘lamda o‘tib, ko‘plab mamlakatlardan investorlarni jalb qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish