Logo

O'zbekiston va Janubiy Koreya oliy ta'lim muassasalari qishloq xo'jaligi sohasida kadrlar tayyorlash borasida hamkorlik qiladi

Aprel 09, 2024. 17:07 • 59 soniya

736
O'zbekiston va Janubiy Koreya oliy ta'lim muassasalari qishloq xo'jaligi sohasida kadrlar tayyorlash borasida hamkorlik qiladi

SEUL, 9-aprel. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston elchixonasi ko'magida Toshkent davlat agrar universiteti va Chungnam milliy universiteti hamda Sunchon milliy universiteti vakillari o'rtasida alohida onlayn muzokaralar tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Uchrashuvlar davomida koreys tomoniga O'zbekiston Prezidentining "Agrar sohada ilm-fan, ta'lim va ishlab chiqarishni integratsiya qilish orqali sifat va samaradorlikni oshirishning qo'shimcha chora-tadbirlari to'g'risida"gi qarori mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida ma'lumot berildi. Ushbu hujjatning tegishli bandida agrar sohadagi oliy ta'lim muassasalari talabalarini xorijiy stajirovkalarini tashkil etish vazifalari belgilangani ta'kidlandi.

Shu munosabat bilan, Qishloq xo'jaligi vazirligi tizimidagi oliy ta'lim va ilmiy tadqiqot muassasalari, jumladan Toshkent davlat agrar universiteti professor-o'qituvchilari, ilmiy xodim va talabalarini xorijiy davlatlarda stajirovka o'tash va malaka oshirishi yuzasidan ishlar olib borilayotgani ta'kidlandi.

Tomonlar mazkur oliy ta'lim muassasalari o'rtasida qishloq xo'jaligi yo'nalishida, jumladan oziq-ovqat, meva-sabzavot, qishloq xo'jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va zamonaviy issiqxonalarni qurish bo'yicha qisqa muddatli o'quv dasturlarni tashkil etish va hamkorlikda konferensiyalar, ilmiy-amaliy anjumanlar, maqolalar to'plamini chop etish bo'yicha fikr-almashdilar.

Uchrashuv yakunida Toshkent davlat agrar universiteti va Sunchon milliy universiteti o'rtasida hamkorlik memorandumi loyihasini ishlab chiqish va imzolash to'g'risida kelishuvga erishildi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish