Logo

O'zbekiston nufuzli xalqaro texnologiya ko'rgazmasida qator IT-yechimlari va startaplari bilan qatnashmoqda

Fevral 10, 2025. 16:01 • 58 soniya

1711
O'zbekiston nufuzli xalqaro texnologiya ko'rgazmasida qator IT-yechimlari va startaplari bilan qatnashmoqda

AR-RIYOZ, 10-fevral. /"Dunyo" AA/. Saudiya Arabistoni poytaxtida Yaqin Sharq mintaqasidagi axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi eng yirik tadbirlardan biri – "LEAP-2025" xalqaro texnologiya ko'rgazmasi o'z ishini boshladi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Ushbu ko'rgazmada O'zbekiston IT-sohasining ilg'or ishlanmalarini namoyish etuvchi milliy pavilyon tashkil etildi.


Unda "IT Park Uzbekistan" va raqamli texnologiyalarning turli yo'nalishlarida faoliyat yurituvchi 10 dan ortiq xususiy IT-kompaniyalar o'zlarining dasturiy-mahsulotlarini namoyish etmoqda.


O'zbekiston IT-kompaniyalari iqtisodiyotning turli tarmoqlarida biznes jarayonlarini optimallashtirish, boshqaruv samaradorligini oshirish va murakkab tartiblarni soddalashtirishga qaratilgan ilg'or texnologiyalarni taklif etadi.


O'zbekistonlik dasturchilarning moliyaviy texnologiyalar, ta'lim texnologiyalari, biznes jarayonlarini avtomatlashtirish, inson resurslarini boshqarish, raqamli transformatsiya, sun'iy intellekt va kiberxavfsizlik kabi sohalarda innovatsion yechimlari tashkilotchilar hamda mehmonlarda katta taassurot qoldiryapti.


"LEAP-2025" Saudiya Arabistoni va Yaqin Sharqdagi boshqa mamlakat vakillari bilan biznes aloqalarini o'rnatish, hamkorlikni kengaytirish, hamda IT-xizmatlarni eksport qilish uchun ajoyib imkoniyat yaratadi.


Eslatib o'tamiz, 2024-yil dekabr oyida Ar-Riyozdagi "The Garage" innovatsion maydonida "IT Park Uzbekistan" vakolatxonasi rasman ochilgan edi. Bu qadam O'zbekiston va Saudiya Arabistoni o'rtasida raqamli texnologiyalar sohasidagi ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, o'zbek startaplari va IT-kompaniyalari imkoniyatlarini targ'ib etish uchun xizmat qilmoqda.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish