Logo

Abu Ali ibn Sino merosini o‘rganish bo‘yicha O‘zbekistonning Eronga birinchi ilmiy ekspeditsiyasi juda samarali va sermahsul bo‘ldi

Avgust 15, 2023. 17:20 • 3 daq

1612
Abu Ali ibn Sino merosini o‘rganish bo‘yicha O‘zbekistonning Eronga birinchi ilmiy ekspeditsiyasi juda samarali va sermahsul bo‘ldi

TOSHKENT, 2-avgust. /“Dunyo” AA/. Eron bilan oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish maqsadida, “Ibn Sino” jamoat fondi va Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi hamda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi tomonidan Abu Ali Ibn Sinoning boy ilmiy va madaniy merosini o‘rganish maqsadida joriy yilning 14-22 iyul kunlari O‘zbekiston delegatsiyasining Eronga birinchi ilmiy ekspeditsiyasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.



Jamg‘arma tomonidan Fanlar Akademiyasi, Islom sivilizatsiyasi markazi, Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi, Madaniy meros agentligi, Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik ilmiy-tadqiqot instituti va O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi xodimlaridan iborat bo‘lgan olimlar ilmiy guruhi tashkil etildi.


Ilmiy ekspeditsiya O‘zbekiston Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi tomonidan moliyalashtirildi.

Ilmiy ekspeditsiya doirasida Tehron, Qum, Isfaxon va Hamadan shaharlarida joylashgan ilmiy-tadqiqot institutlari, markazlar, kutubxonalar, universitetlar va fondlar faoliyati bilan tanishilgani barobarida davra suhbatlari ham tashkil etildi.


“Ibn Sino” jamg‘armasi Eron milliy kutubxonasi va arxiviga O‘zbekiston olimlari ilmiy ishlarining mahsuli bo‘lmish o‘zbek tilidagi yangi tahrirdagi 5 jildlik “Tib qonuni” kitobini, Ibn Sino jamg‘armasi huzuridagi ilmiy guruh mehnati mahsuli bo‘lgan beshta tilda nashrdan chiqqan Abu Ali ibn Sino atamalarining o‘zbek, rus, ingliz, arab va lotin tillaridagi lug‘ati hamda O‘zbekiston Madaniy meros agentligi mutaxassislari tomonidan tayyorlangan «O‘zbekistonga oid xorijdagi qo‘lyozma asarlar reyestri»ni (1-jild) taqdim etdi.


Ushbu kitoblar Eron tomoniga “Ibn Sino” jamoat fondi boshqaruvi raisi Nozimxon Mahmudov tomonidan kelgusi ilmiy hamkorlik taklifi bilan taqdim etildi. Xususan, hamkorlik doirasida besh tilli lug‘atni oltinchi til – fors tiliga birgalikda o‘girish, shuningdek, O‘zbekiston va Eronda saqlanayotgan Abu Ali ibn Sino qo‘lyozmalarining alohida reyestrini yaratish maqsad qilingan.


Abu Ali ibn Sino hayoti va ijodiga bag‘ishlangan davra suhbati Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (EKO) xalqaro madaniyat instituti binosida ham tashkil etildi. Bosh qarorgohi Tehronda joylashgan ushbu institut dunyoning eng muhim hududlaridan birida joylashgan umumiy madaniyat va tarixga ega bo‘lgan mintaqaning o‘nta davlatini birlashtiradi. Tashkilotning maqsadi – aʼzo davlatlar xalqlarini ijtimoiy va madaniy fikr va harakat kanallari orqali bog‘lovchi madaniy yaqinlik, maʼnaviy va birodarlik aloqalarini mustahkamlashdan iborat.


O‘zbekiston delegatsiyasi aʼzolari Abu Ali ibn Sino merosini o‘rganayotgan Eron universitetlari muzey va kutubxonalarida bo‘lish bilan birga, mamlakat shaharlarining diqqatga sazovor joylari bilan ham tanishdilar.


O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasining Eronga birinchi ilmiy ekspeditsiyasi natijalari sarhisob qilinar ekan, u voqealarga boy, juda samarali va sermahsul bo‘lganini qayd etish joiz. Ekspeditsiya Eron bilan kelgusi ilmiy-madaniy hamkorlik uchun qulay zamin hozirlagani barobarida Abu Ali ibn Sino merosini o‘rganishga oid kitoblarni tarjima qilish va nashr etish bo‘yicha ilmiy loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishga xizmat qiladi.


Ikkala tomon ham O‘zbekiston va Eronda Ibn Sino merosini o‘rganish bo‘yicha davra suhbatlari, seminar va forumlar o‘tkazishga, shuningdek, o‘zaro ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etish amaliyotini davom ettirishga tayyorliklarini bildirdilar.


Ekspeditsiya faoliyati Eron ommaviy axborot vositalarida keng yoritildi. Bu, shubhasiz, ushbu mamlakatning ilmiy va madaniy doiralari orasida O‘zbekiston haqida ijobiy fikrni shakllantirishga turtki beradi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish