O'zbekiston "yashil" texnologiyalar sohasida xalqaro ilmiy hamkorlik markaziga aylanmoqda
May 03, 2025. 13:44 • 2 daq
• 46
TOSHKENT, 3-may. /"Dunyo" AA/. O'zbekiston Fanlar akademiyasi Materialshunoslik instituti bazasida "Yangi materiallar va quyosh texnologiyalari" mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya bo'lib o'tdi, deb xabar beryapti "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Yevropa, Rossiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Yaponiya, AQSh, Turkiya, Isroil, Polsha, Qozog'iston, Armaniston, Germaniya va boshqa davlatlardagi nufuzli ilmiy va akademik markazlarni vakillik qiluvchi 17 dan ortiq mamlakatdan taniqli olimlar va ekspertlar ishtirok etdi.
Ushbu forumning asosiy maqsadi ilmiy almashinuvni kuchaytirish va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash hamda istiqbolli energetik yechimlar va yangi materiallar sohasida qo'shma tadqiqotlarni faollashtirishdir.
Forum kun tartibidan "aqlli" materiallar, nanotexnologiyalar va quyosh energetikasi sohasidagi eng yangi ilmiy yutuqlar muhokamasi o'rin olgan. Ayniqsa, uglerod izini kamaytirish va energiya tejamkor infratuzilmani shakllantirishga qaratilgan "yashil" energetika bo'yicha amaliy yechimlarga alohida e'tibor qaratildi.
Konferensiyada "Yashil texnologiyalar vodiysi" nomli Xalqaro ilmiy konsorsium tashkil etish tashabbusi ilgari surildi. U olimlar, ilmiy markazlar va sanoat sheriklarini qayta tiklanadigan energiya manbalari hamda yuqori texnologik materiallar bo'yicha yechimlarni ishlab chiqish va tijoratlashtirish yo'lida birlashtiradi.
Forumning muhim voqealardan yana biri yosh olimlarning tadqiqot loyihalarini taqdimoti bo'ldi. Unda ilmiy-texnikaviy yondashuvlar asosida ishlab chiqilgan original g'oyalar va istiqbolli amaliy ishlanmalar namoyish etildi.
Mutaxassislar fikricha, bu kabi xalqaro forumning Toshkentda o'tkazilishi O'zbekistonning ochiq ilmiy muloqot maydonchasiga aylanganini hamda ekologik barqaror innovatsiyalarni ilgari surishga tayyorligini yana bir bor isbotlamoqda. Shuningdek, O'zbekistonning barqaror rivojlanish va ilg'or texnologiyalar sohasida global muammolarni hal etishga tobora ortib borayotgan hissasini yaqqol namoyon etmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekistonlik olima Butunjahon fanlar akademiyasining a'zosi etib saylandi
BMT kosmik texnologiyalardan qishloq xo‘jaligi xizmatida foydalanishni taklif qilmoqda