Pokiston OAV: O‘zbekiston–Pokiston to‘qimachilik sanoatida yangi imkoniyatlar yaratilmoqda
Yanvar 25, 2026. 14:40 • 2 daq
• 91ISLOMOBOD, 25-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning nufuzli “Associated Press of Pakistan”, “DNA News”, “Islamabad Post”, “Centreline”, “The Diplomatic Insight”, “The World News”, “News Network Pakistan” bosma va elektron nashrlarida O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasida yengil sanoat sohasidagi hamkorlikka bag‘ishlangan turkum maqolalar eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Nashr etilgan maqolalarda O‘zbekistonning Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Ruxullo Zikrillayev boshchiligidagi mamlakatimiz delegatsiyasining Pokistonga tashrifi tafsilotlari qalamga olingan.
Pokiston OAV yozishicha, O‘zbekiston ip-kalava va mato ishlab chiqaradigan to‘qimachilik korxonalarini pokistonlik tadbirkorlar bilan birgalikda rivojlantirishdan manfaatdor.
“O‘zbekiston hududida maxsus O‘zbekiston–Pokiston to‘qimachilik industrial zonasini tashkil etish taklif etilmoqda. Ushbu tashabbus qo‘shma sanoat rivojini rag‘batlantirish va har ikki mamlakat biznes jamoalari farovonligini oshirishga qaratilgan soliq taʼtillari kabi jozibador imtiyozlarni o‘z ichiga oladi”, – deyiladi nashrlarda.
Maʼlum qilinishicha, bu taklif O‘zbekiston Yengil sanoatni rivojlantirish agentligi direktori o‘rinbosari Ruxullo Zikrillayev va Islomobod Savdo-sanoat palatasi (ICCI) rahbariyati bilan kechgan muzokaralar davomida muhokama qilingan.
“O‘zbekiston tomoni qo‘shma korxonalar tashkil etish tashabbusini ilgari surdi. Bu hamkorlik orqali o‘zbek tadbirkorlari pokistonlik kompaniyalar bilan birgalikda yuqori sifatli o‘zbek matolarini Pokiston bozoriga olib kirishi hamda Yevropa va AQSHning yirik brendlari uchun tayyor kiyim-kechak ishlab chiqarishi mumkin. Ushbu sheriklik qiymat zanjirini oshirish va o‘zaro manfaatli eksport hajmini kengaytirishga xizmat qiladi”, deya qayd etilgan materiallarda.
Taʼkidlanishicha, ICCI prezidenti Sardar Tohir Mahmud Pokiston va O‘zbekiston savdo, transport, energetika, turizm, mintaqaviy bog‘liqlik va boshqa ko‘plab sohalarda ulkan salohiyatga ega ekanini bildirdi.
Maqolalar yakunida, ushbu tashrif ikki tomonlama munosabatlarga yangi surʼat bag‘ishlab, mavjud tashabbuslarni amaliy natijalarga aylantirishiga ishonch uyg‘otgani urg‘ulangan.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



