Logo

“Hello Magyar”: Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatning madaniy o‘ziga xosligini tiklab, moddiy-maʼnaviy merosini kelajak avlodlarga yetkazmoqda

Mart 17, 2026. 08:10 • 2 daq

161
“Hello Magyar”: Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatning madaniy o‘ziga xosligini tiklab, moddiy-maʼnaviy merosini kelajak avlodlarga yetkazmoqda

BUDAPESHT, 17-mart. /“Dunyo” AA/. Vengriyaning ommabop “Hello Magyar” onlayn-nashrida Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazi ochilishiga bag‘ishlangan “Uchinchi Renessans: Islom sivilizatsiyasi markazi Yangi O‘zbekistonning maʼnaviy-intellektual yuksalish strategiyasi sifatida” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrda qayd etilishicha, Islom sivilizatsiyasi markazi loyihasi maʼnaviy, tarixiy va ilmiy jihatlarni birlashtirib, anʼanaviy muzeyni zamonaviy taʼlim va tadqiqot platformasiga aylantiradi. Majmuada Temuriylar davri meʼmorchilik anʼanalari ilg‘or texnologiyalar, jumladan, VR, AR va raqamli arxivlar bilan uyg‘unlashgan bo‘lib, bu tashrif buyuruvchilarga Markaziy Osiyo merosini interaktiv tarzda o‘rganish va o‘tmishdagi ilmiy yutuqlarning virtual rekonstruksiyalari bilan muloqot qilish imkonini beradi.

Markaz eksponatlarini shakllantirishda xorijdagi madaniy boyliklarni yurtimizga qaytarishga alohida eʼtibor qaratildi. Dunyo bo‘ylab tarqalgan mingdan ortiq noyob qo‘lyozma va osori-atiqalar O‘zbekistonga qaytarildi, xalqaro tadqiqotlar va auksion uylari bilan hamkorlik markaz to‘plamlarini Movarounnahr va Xuroson sanʼat buyumlari bilan to‘ldirish imkonini berdi. Bu saʼy-harakatlar mamlakatning madaniy o‘ziga xosligini tiklab, moddiy-maʼnaviy merosni kelajak avlodlarga yetkazishda muhim ahamiyatga ega.

Maqolada “Sivilizatsiya – Shaxslar – Kashfiyotlar” tamoyili asosida qurilgan markaz ekspozitsiyasining o‘ziga xosligi alohida taʼkidlangan. Tashrif buyuruvchilar Islomgacha bo‘lgan davrdan Birinchi va Ikkinchi Renessansgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tishi mumkin. “Sivilizatsiyalar devori” esa insoniyatning uzluksiz intellektual rivojlanishini namoyish etadi. Bolalar va kattalar uchun laboratoriyalar va taʼlim zonalari majmuani ilm-fan, sanʼat va muhandislikni o‘zlashtirish uchun jonli maydonga aylantiradi.

Loyihaning xalqaro eʼtirofi uning global madaniy markaz sifatidagi maqomini mustahkamlaydi. Islom sivilizatsiyasi markazi “Prix Versailles” mukofoti versiyasi bo‘yicha “Dunyoning 2026-yildagi eng go‘zal muzeylari” ro‘yxatiga kiritilgan. “Smithsonian Magazine”, “BBC Travel” va “National Geographic” reytinglarida hamda xorijlik nufuzli ekspertlar tomonidan ham ushbu majmuaga yuksak baho berilgan.

Xususan, xalqaro ekspert, YUNESKO bosh direktori Xolid al-Anani markazni yangi avlod muzeyi, ilmiy-tadqiqot infratuzilmasi va xalqaro hamkorlik platformasini birlashtirgan, Yangi O‘zbekistonning intellektual va maʼnaviy tiklanishining ramzi bo‘lgan noyob majmua, deya eʼtirof etgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish