Logo

Toshkent va Qobul tibbiyot hamda farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

Aprel 12, 2026. 11:07 • 2 daq

326
Toshkent va Qobul tibbiyot hamda farmatsevtika sohasidagi hamkorlikni kengaytiradi

OSTONA, 16-aprel. /“Dunyo” AA/. Qozog‘istonning “Check-point.kz” axborot-tahlil portalida O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi sog‘liqni saqlash sohasidagi aloqalarning yangi bosqichiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Nashrning maʼlum qilishicha, O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori Abdulla Azizov va Afg‘oniston sog‘liqni saqlash vaziri Maulvi Nur Jalol Jaloliy o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikning muhim yo‘nalishlari muhokama qilindi. Muloqot chog‘ida O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston bilan sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish yo‘lida sheriklikni kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi.

Muzokaralar markazida farmatsevtika mahsulotlari savdosini rivojlantirish, afg‘onistonlik bemorlarning O‘zbekiston tibbiyot muassasalarida davolanishi uchun qulay sharoitlar yaratish hamda tibbiyot xodimlarining malakasini oshirish masalalari turdi. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida avval imzolangan anglashuv memorandumini amalga oshirish bo‘yicha harakatlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Maqolada qayd etilishicha, uchrashuvda Afg‘oniston farmatsevtika tarmog‘iga investitsiyalarni jalb qilish va sohadagi muvofiqlashtirish ishlarini yaxshilashga alohida eʼtibor qaratildi. Vazir Jaloliy dori vositalari sifatini taʼminlash va standartlashtirilgan tibbiy xizmatlarni yo‘lga qo‘yish aholi salomatligi uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

“Check-point.kz”ning xulosa qilishicha, mazkur uchrashuv Toshkent va Qobulning tibbiyot sohasidagi o‘zaro majburiyatlarini mustahkamlash, xizmatlar sifatini oshirish va mutaxassislar almashinuvini faollashtirish yo‘lidagi qatʼiy intilishlarini ifodalaydi. Bu kabi hamkorlik mintaqada tibbiy xavfsizlikni taʼminlashda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish