Indoneziyada “Umrah Plus Uzbekistan” dasturi bo‘yicha sayyohlik guruhlari tashkil etiladi
Fevral 28, 2026. 12:16 • 5 daq
• 171JAKARTA, 2-mart. /“Dunyo” AA/. Indoneziya poytaxtida O‘zbekiston turizm sohasi imkoniyatlariga bag‘ishlangan taqdimot tadbiri bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tadbirdan ko‘zlangan asosiy maqsad – O‘zbekistonning turizm salohiyatini Jakartada keng targ‘ib qilish, mahalliy turoperatorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini o‘rnatish, “Umrah Plus Uzbekistan” dasturi doirasida qo‘shma turpaketlar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
Anjumanda Jakarta va G‘arbiy Yava provinsiyasining umra safarlariga ixtisoslashgan yirik tashkilotlari va turistik kompaniyalar rahbarlari, masʼul xodimlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Jumladan “ESQ Travel”, “MQ Travel”, “PT Rehlata Permata Insani”, “HPT Tour & Travel”, “PT Ahsanta Travel” va “Ventour Travel” kabi yirik turizm agentliklari O‘zbekiston turizm imkoniyatlari bo‘yicha alohida reja jadval ishlab chiqilganini qayd etdi. Ekspertlar mamlakatimizga turistlar oqimini oshirish bo‘yicha o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi. Mazkur kompaniyalarning har biri umra dasturi doirasida yiliga 10 mingdan ortiq ziyoratchiga xizmat ko‘rsatadi.
Taqdimot doirasida O‘zbekiston va Indoneziyani mushtarak tarixiy-madaniy ildizlar, islom sivilizatsiyasi merosi va o‘xshash maʼnaviy qadriyatlar bog‘lab turishi alohida taʼkidlandi. Xususan, Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband kabi buyuk allomalar merosi indoneziyalik ziyoratchilar uchun alohida ahamiyat kasb etishi qayd etildi.
Ishtirokchilar O‘zbekiston asrlar davomida Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan holda savdo, ilm-fan va islom tafakkuri markazi bo‘lib kelganini eʼtirof etdi. Turizm kompaniyalari vakillari o‘z chiqishlarida Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlari nafaqat boy tarixiy merosga, balki zamonaviy turistik infratuzilmaga ega ekanini aytdi.
“Umrah Plus” dasturi doirasida Indoneziyadan kelayotgan ziyoratchilarga Makka va Madina safari bilan bir qatorda Samarqand va Buxoroni o‘z ichiga olgan maʼnaviy-maʼrifiy dasturlarga katta qiziqish bildirildi. Qator kompaniyalar 2026 yil aprel oyidan boshlab “Umrah Plus Uzbekistan” dasturi bo‘yicha sayyohlik guruhlarini shakllantirishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Tadbirda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov onlayn shaklda qatnashdi. U O‘zbekiston zamini asrlar davomida hadis ilmi, kalom va tasavvuf maktablari rivoj topgan maʼrifat markazi bo‘lib kelganini eʼtirof qildi. Imom Buxoriy merosi nafaqat ilmiy, balki umummusulmon maʼnaviy tafakkuri uchun beqiyos ahamiyatga ega ekanini qayd etdi.
Shu bilan birga, Markaz faoliyati doirasida amalga oshirilayotgan xalqaro tadqiqotlar, qo‘lyozmalarni o‘rganish, ilmiy nashrlar tayyorlash va xorijiy ilmiy muassasalar bilan hamkorlik aloqalari haqida atroflicha maʼlumot berildi. Indoneziya ilmiy va diniy doiralari bilan hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, qo‘shma tadqiqotlar va akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish ikki mamlakat o‘rtasidagi maʼnaviy-ilmiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishi taʼkidlandi.
Shovosil Ziyodov Markaz qoshida “Sahihul Buxoriy” asarini o‘rganish bo‘yicha qisqa kurslar tashkil etilganini maʼlum qilib, indoneziyalik sayyohlarni ushbu taʼlim dasturida ishtirok etishga taklif etdi.
“ESQ Travel” kompaniyasi direktori Luki Alamshyax:
– Bugungi taqdimot O‘zbekistonning Indoneziya bilan keng ko‘lamli hamkorligini yanada aniqroq namoyon qildi. Ayniqsa, Sukarnoning O‘zbekistonga tashrifi va samarqandlik ulamolarning Yava orollarida islom taʼlimotini targ‘ib etgani bilan bog‘liq tarixiy dalillar jamoamizda katta qiziqish uyg‘otdi. Kompaniyamizga qarashli taʼlim markazlarida har yili 2 milliondan ziyod talaba tahsil oladi. Ushbu auditoriya orasida “Umrah Plus Uzbekistan” dasturini targ‘ib qilish uchun maxsus seminarlar va axborot kampaniyalarini yo‘lga qo‘yishni rejalashtirmoqdamiz. Bu yo‘nalishni nafaqat tijoriy loyiha, balki maʼnaviy burch sifatida eʼtirof etamiz.
“MQ Travel” direktori Xarpinadi Ilham:
– O‘tgan yili dekabr oyida O‘zbekistonga safar qilib, Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qilish imkoniga ega bo‘ldim. U yerdagi muhitni so‘z bilan ifoda etish qiyin – bu nafaqat tarix, balki tirik maʼnaviy boylikdir. Hozirda biz ‘Umrah Plus Uzbekistan‘ paketini oilaviy va jamoaviy ziyorat shaklida ishlab chiqmoqdamiz. Ayniqsa, ulamolar va islomiy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikda maxsus maʼrifiy guruhlar tashkil etish rejamiz bor.
“PT Rehlata Permata Insani” direktori Ito Atoillah:
– Biz odatda oyiga 4–6 marta “Umrah Plus Egypt” dasturlarini amalga oshiramiz. O‘zbekiston bilan ham shu kabi tizimli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz. Shu yil yanvar oyida 22 nafar universitet rektorlari uchun tashkil etilgan 8 kunlik safar juda samarali bo‘ldi. Sentyabr oyidan boshlab kamida 5 ta guruhni O‘zbekistonga yuborishni rejalashtirmoqdamiz. To‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar o‘rnatish masalasi ijobiy hal bo‘lgan taqdirda talab tez surʼatlarda oshishiga ishonamiz.
“PT Ahsanta Travel” direktori Budi Firman:
– Indoneziyada Naqshbandiya tariqati izdoshlari juda ko‘p. Bahouddin Naqshband nomi marketing nuqtai nazaridan ham katta ahamiyatga ega. Agar turpaket qiymati raqobatbardosh narxlarda shakllantirilsa, bozor juda faol bo‘ladi. Shuningdek, “1 Day with Imam Bukhari” kabi maxsus dasturlar ziyoratchilarda kuchli emotsional taʼsir uyg‘otadi. Biz ushbu yo‘nalishni 2026-yilning eng istiqbolli turistik mahsulotlaridan biri deb baholaymiz.
“Ventour Travel” vakili Ifan Effendi:
– Kompaniyamiz har yili 16 mingga yaqin umra vizasini rasmiylashtiradi. Bozorni samarali rivojlantirish uchun professional marketing materiallari, video-kontent va tayyor prezentatsiya paketlari juda muhim. Agar O‘zbekiston tomonidan rasmiy targ‘ibot materiallari taqdim etilsa, biz o‘z agentlik tarmog‘imiz orqali ushbu yo‘nalishni tez va samarali ilgari surishga tayyormiz.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi



