Rossiyadagi mahalliy telekanalda O‘zbekiston sayyohlik imkoniyatlari namoyish qilindi
Fevral 25, 2026. 18:46 • 2 daq
• 129
ChELYABINSK, 27-fevral. /“Dunyo” AA/. Rossiyaning Chelyabinsk viloyatidagi mahalliy “OTV” telekanalining “Diplomatik missiya” ko‘rsatuvida O‘zbekistonning sayyohlik sohasidagi islohotlarga bag‘ishlangan suhbat namoyish etildi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Turizm qo‘mitasining Transport logistikasi departamenti boshlig‘i Shuhrat Isaqulov hamda Investitsiyalarni jalb qilish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash departamenti boshlig‘i Ulug‘bek Asadullayev bilan o‘tkazilgan suhbat jarayonida mamlakatimiz turizm sohasini xorijda targ‘ib qilish borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar haqida so‘z yuritildi.
Suhbatdoshlar mamlakatimizning Yekaterinburg shahridagi konsullik muassasasi tomonidan O‘zbekistonga sayohat qilishning zamonaviy imkoniyatlari xususida ham alohida to‘xtalib o‘tishdi. Xususan, 2025-yil 1–3-oktyabr kunlari Bosh konsulxona tomonidan O‘zbekiston Turizm qo‘mitasi vakillari bilan hamkorlikda turizm sohasida mintaqalararo hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan “Road Show” tadbiri o‘tkazildi.
Muloqot davomida O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlar, jumladan, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, aviaqatnovlarni kengaytirish, xorijiy mehmonlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar haqida fikr almashildi. Sayyohlik yo‘nalishlari – madaniy-maʼrifiy va gastronomik turizmdan tortib ekologik va ziyorat turizmigacha diversifikatsiya qilinayotgani taʼkidlandi.
Chelyabinsk viloyati sayyohlik kompaniyalari va O‘zbekistonning tegishli tuzilmalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish istiqbollariga alohida eʼtibor qaratildi.
“Diplomatik missiya” dasturi muallifi Amur Habibulinning taʼkidlashicha, ushbu efirga uzatilgan ko‘rsatuv tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otgan. Viloyat aholisining aksariyati dastur tufayli O‘zbekistonda yangi sayyohlik yo‘nalishlarini kashf etganini, bu esa olib borilgan targ‘ibot ishlarining amaliy samaradorligidan dalolat berishini qayd etgan.
Bosh konsulxona tomonidan 2026-yil davomida shunga o‘xshash dasturlar orqali O‘zbekiston turizm sohasini xorijda targ‘ib etish bo‘yicha turli loyihalarni amalga oshirish maqsad qilingan. O‘zbekistonlik turoperatorlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini o‘rnatish uchun Chelyabinsk viloyatining yirik sayyohlik agentliklari bilan uchrashuvlar tashkil etish hamda navbatdagi “Road Show”ni o‘tkazish rejalashtirilgan.
Turizm yo‘nalishidagi ushbu tashabbuslarning izchil amalga oshirilishi O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi sayyohlik almashinuvini yana-da kengaytirish va gumanitar aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi