Logo

Buyuk Britaniya matbuoti: Samarqanddagi Imom al-Buxoriy majmuasi yangi qiyofada ish boshladi

Aprel 13, 2026. 19:40 • 3 daq

106
Buyuk Britaniya matbuoti: Samarqanddagi Imom al-Buxoriy majmuasi yangi qiyofada ish boshladi
Buyuk Britaniya matbuoti: Samarqanddagi Imom al-Buxoriy majmuasi yangi qiyofada ish boshladi

LONDON, 17-aprel. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyadagi xalqaro turizm yangiliklarini chop etishga ixtisoslashgan elektron nashr ­– “Emergingtravel.news” saytida Samarqandda rekonstruksiya qingan Imom al-Buxoriy majmuasi haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA.

Maqolada yozilishicha, Samarqandda joylashgan Imom al-Buxoriy majmuasi qayta rekonstruksiya hamda keng ko‘lamli qayta qurish ishlaridan so‘ng tantanali ravishda ochilgan. Kengaytirish natijasida majmua sig‘imi 5 baravardan ziyod oshirilgan.

Majmua O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan shu yil mart oyida ochildi. Keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng, majmua endi bir kunda 65 minggacha ziyoratchini qabul qilish imkoniga ega bo‘ldi. Ilgari bu ko‘rsatkich taxminan 12 ming nafarni tashkil etar edi.

“Samarqand shahridan 25 kilometr masofada joylashgan majmua 45 gektar maydonni egallaydi. U markaziy masjid, Imom al-Buxoriy maqbarasi, maʼmuriy binolar va 154 ustunga tayangan ayvondan iborat. Majmuada balandligi 75 metr bo‘lgan to‘rtta minor va jami 14 ta gumbaz barpo etilgan”, deya maʼlumot keltiradi nashr.

Zamonaviy raqamli texnologiyalar asosida tashkil etilgan muzeyda ziyoratchilar Imom al-Buxoriy hayoti va ilmiy merosi bilan yaqindan tanishish imkoniga ega. U Islom olamida “muhaddislar sultoni” sifatida yuksak eʼtirof etilgan. Ekspozitsiyalar, shuningdek, Qurʼonda zikr etilgan payg‘ambarlar tarixi, Muhammad payg‘ambar nasabi va hadis ilmining shakllanishi haqida ham maʼlumot beradi.

Ziyoratchilar soni ortib borayotganini hisobga olib, majmua hududida bir to‘rt yulduzli, ikki uch yulduzli mehmonxona va 22 ta oilaviy mehmon uyi qurildi. Yangi masjidda ilk Iyd al-Fitr namozi ham ochilish kuni o‘qildi.

Imom al-Buxoriy 810-yilda hozirgi O‘zbekiston hududida tug‘ilgan bo‘lib, u “Sahih al-Buxoriy” asari muallifi sifatida butun Islom olamida mashhur. Ushbu to‘plam Qurʼondan keyingi eng ishonchli hadislar manbai hisoblanadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Imom Buxoriy nomi bilan bog‘liq ziyorat turizmiga bag‘ishlangan ko‘p tilli telekanalni ishga tushirdi. “Tabarruk ziyorat” onlayn platformasi mamlakat bo‘ylab joylashgan qariyb 260 ta ziyoratgoh haqida yetti tilda maʼlumot taqdim etmoqda.

Maqolada taʼkidlanishicha, 2025-yilning birinchi yarmida O‘zbekistonga kelgan sayyohlarning 57 foizi Turkiy davlatlar tashkilotiga aʼzo va kuzatuvchi mamlakatlar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Xususan, Qirg‘izistondan 1,5 milliondan ortiq, Qozog‘istondan esa 1,1 million nafar sayyoh tashrif buyurgan.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish