Turkiya yosh tadbirkorlar uyushmasining Toshkentda ochilgan ofisi turk OAV diqqat markazida bo‘ldi
Aprel 15, 2026. 09:10 • 2 daq
• 164
ANQARA, 15-aprel. /“Dunyo” AA/. Turkiya yosh tadbirkorlar uyushmasi – TÜGİADning O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasini ochgani turk ommaviy axborot vositalari diqqat markazida bo‘ldi, deb xabar beradi “Dunyo” AA muxbiri.
“Yeni Şafak” gazetasining yozishicha, TÜGİADning Toshkent shahrida ochilgan ofisi O‘zbekiston bilan savdo-iqtisodiy munosabatlarni yanada rivojlantirish, turkiy davlatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash hamda o‘zaro manfaatli o‘sish uchun barqaror platforma yaratishga qaratilgan.
Vakolatxona ochilish marosimida so‘zga chiqqan TÜGİAD raisi Gyurkan Yildirim uyushmaning xalqaro faoliyati kengayib borayotganini alohida taʼkidlagan:
“Uyushmamizning bayrog‘i nafaqat Turkiyada, balki dunyoning muhim strategik savdo markazlarida ham hilpiramoqda. Toshkentda ochilgan yangi ofisimiz orqali Markaziy Osiyoda, ayniqsa turkiy respublikalar o‘rtasida mustahkam iqtisodiy ko‘prik yaratmoqdamiz. Bizning maqsadimiz – AQSHdan Xitoygacha cho‘zilgan ulkan hududda turkiy ishbilarmonlik dunyosining lokomotiviga aylanishdir”.
Shuningdek, TÜGİADning O‘zbekiston bilan aloqalar bo‘yicha mintaqaviy koordinatori Jamol Ersoy yangi vakolatxonaning strategik ahamiyatiga to‘xtalib o‘tdi. Uning taʼkidlashicha, mazkur ofis nafaqat biznes aloqalarini kengaytirish, balki tarixiy va madaniy jihatdan mustahkam birodarlik rishtalarini iqtisodiy hamkorlikka aylantirishga xizmat qiladi.
“Biz bu hududga faqat biznes maqsadida emas, balki chuqur ildiz otgan birodarlik aloqalarimizni iqtisodiy kuchga aylantirish niyatida keldik. Toshkentdagi vakolatxona nafaqat O‘zbekiston, balki butun Markaziy Osiyodagi aʼzolarimiz uchun ishonchli maydon bo‘lib xizmat qiladi. Shu bilan birga, u turkiy davlatlar o‘rtasidagi savdo hajmini oshirishga xizmat qiluvchi muhim ko‘prikka aylanadi”, – deya fikr bildirgan Jamol Ersoy.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi