Logo

O‘zbekiston va Turkmaniston ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

Aprel 05, 2026. 11:50 • 2 daq

220
O‘zbekiston va Turkmaniston ta’lim sohasidagi hamkorlikni kengaytirmoqda

ASHXOBOD, 5-aprel. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov Turkman milliy jahon tillari instituti rektori Maqsat Chariyev bilan uchrashuv o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Uchrashuv davomida mazkur oliy ta’lim muassasasining O‘zbekistondagi turdosh universitetlar bilan hamkorligini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Xususan, talabalar va o‘qituvchilar o‘rtasida akademik almashinuvni yo‘lga qo‘yish, qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqish hamda ilmiy tadqiqotlar bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratildi.

Suhbat chog‘ida institutning ikki xalqning buyuk allomalari – Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va Maxtumquli Firog‘iy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish borasidagi ishlari yuqori baholandi. Ushbu mutafakkirlar hayoti va ijodiga bag‘ishlangan madaniy-ma’rifiy tadbirlar xalqlar o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlayotgani ta’kidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar ta’lim sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etdi.

Mazkur uchrashuv O‘zbekiston va Turkmaniston o‘rtasidagi strategik sheriklikni gumanitar yo‘nalishda yanada rivojlantirishda muhim qadam sifatida baholandi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish