Logo

Olmaotadagi festivalda o‘zbek madaniyati namoyish etildi

May 02, 2026. 12:00 • 2 daq

148
Olmaotadagi festivalda o‘zbek madaniyati namoyish etildi

OLMAOTA, 3-may. /“Dunyo” AA/. O‘zbekiston Bosh konsulxonasi vakillari Xalq birligi kuniga bag‘ishlangan madaniy tadbirda ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Tadbir “Olmaotadagi birdamlik” milliy madaniyat festivalining ochilishi bilan boshlandi. Unda Olmaota shahrida faoliyat yurituvchi 15 ta milliy madaniyat markazi va jamoat tashkilotlarining pavilyonlari taqdim etildi.

Festivalda mamlakatimiz Bosh konsulxonasi va hamyurtlarimiz tomonidan milliy liboslar va hunarmandchilik mahsulotlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada atlas va adrasdan tikilgan milliy liboslar, ayollar va erkaklar uchun zarbof choponlar, mashhur o‘zbek kashtachiligi – so‘zanalar hamda qo‘lda yasalgan sopol buyumlar namoyish qilindi. Shuningdek, ishtirokchilarga O‘zbekiston sayyohlik kompaniyalarining buklet va risolalari ham tarqatildi.

Tadbir doirasida milliy pavilyonga Olmaota shahri hokimi Darxan Satibaldi boshchiligidagi mahalliy davlat organlari vakillari, diplomatik korpus, jamoat va madaniy-maʼrifiy tashkilotlar va ishbilarmon doiralar vakillari tashrif buyurdi.

Festival Qozog‘istonda istiqomat qiluvchi millatlar o‘rtasida o‘zaro madaniy hamkorlikni rivojlantirish va millatlararo totuvlikni mustahkamlash uchun muhim maydonga aylandi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish