Logo

2026-yilda O‘zbekistonda “Umra plyus” dasturi doirasida turoperatorlarga har bir sayyoh uchun 100 dollardan subsidiya to‘lanadi

Yanvar 13, 2026. 11:07 • 2 daq

180
2026-yilda O‘zbekistonda “Umra plyus” dasturi doirasida turoperatorlarga har bir sayyoh uchun 100 dollardan subsidiya to‘lanadi

TOSHKENT, 13-yanvar. /“Dunyo” AA/. O‘zbekistonda “Umra plyus” ziyorat turizmi dasturi doirasida Malayziya va Indoneziyadan sayyohlarni faol jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar joriy etilmoqda, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

“uzbektourism.uz” portali maʼlumotlariga ko‘ra, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori davlat rahbarining 2021-yil 9-fevraldagi ichki va ziyorat turizmini yanada rivojlantirishga qaratilgan farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida qabul qilindi.

Hujjatga muvofiq, 2026–2027-yillarda Malayziya va Indoneziyadan keluvchi sayyohlar oqimini 100 ming kishiga yetkazishni nazarda tutuvchi «yo‘l xaritasi» tasdiqlandi. 2026-yil yakuniga qadar ushbu mamlakatlardan “Umra plyus” dasturi doirasida sayyohlarni jalb qilgan turoperatorlarga har bir sayyoh uchun 100 AQSh dollari miqdorida subsidiya ajratiladi.

Rejalashtirilgan chora-tadbirlar qatorida malayziyalik va indoneziyalik sayyohlar tomonidan Ramazon hayiti va Qurbon hayitini O‘zbekiston hududida nishonlashni tashkil etish, shuningdek, ushbu mamlakatlarda “Imom Buxoriy izlaridan” va “Ramazonni O‘zbekistonda o‘tkazing” brendlari ostida keng ko‘lamli reklama kampaniyalarini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Malayziyaning musulmon aholisi ko‘p bo‘lgan hududlarida ziyorat turizmiga bag‘ishlangan maxsus roud-shoular bo‘lib o‘tadi.

Dastur doirasida Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlarini qamrab oluvchi turistik marshrutlar ishlab chiqiladi. Mavsumdan tashqari vaqtlarda — qishda (20-noyabrdan 20-fevralgacha) va yozda (iyul oyida) dastur ishtirokchilari uchun madaniy meros obyektlariga tashrif buyurish, mehmonxona, umumiy ovqatlanish va boshqa xizmatlar uchun ixtiyoriy chegirmalar joriy etilishi ko‘zda tutilgan.

Transport, Tashqi ishlar vazirliklari va Turizm qo‘mitasi bilan hamkorlikda qisqa muddatlarda mahalliy va xorijiy aviakompaniyalarning 10 ta havo kemasini jalb qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, raqobatbardosh aviamarshrutlar, jumladan:

Kuala-Lumpur – Samarqand – Kuala-Lumpur;

Kuala-Lumpur – Buxoro – Jidda – Kuala-Lumpur;

Jakarta – Samarkand – Jidda – Jakarta;

Jakarta – Buxoro – Jidda – Jakarta yo‘nalishlarini ishlab chiqish taʼminlanadi.

Ekspertlarning fikricha, “Umra plyus” dasturini rivojlantirishga bo‘lgan bunday kompleks yondashuv O‘zbekistonning Janubi-Sharqiy Osiyo bilan turistik aloqalarini mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochadi va mamlakatning musulmon dunyosidagi asosiy ziyorat turizmi markazlaridan biriga aylanishiga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish