Kiyevdan munosabat: O‘zbekiston mintaqada faol tashabbuskor sifatida transchegaraviy muammolarni hal qilishda aniq yondashuvlarni taklif etmoqda
Aprel 23, 2026. 13:55 • 3 daq
• 178
KIYEV, 23-aprel. /“Dunyo” AA/. Ukrain–Turk markazi direktori, Ukrainaning “FREEDOM” davlat telekanalining “Turkiy forum” dasturi muallifi va boshlovchisi Marina Goncharuk “Dunyo” AAga O‘zbekiston Prezidentining 21–22-aprel kunlari Ostonaga amaliy tashrifi yakunlarini haqida fikr bildirdi:
– O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayevning taklifiga binoan Ostonada bo‘lib o‘tgan Mintaqaviy ekologik sammit hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi taʼsischi davlatlari rahbarlari kengashining yig‘ilishidagi ishtiroki Toshkentning izchil va strategik jihatdan puxta siyosatini yaqqol aks ettiradi.
Bu yerda gap shunchaki diplomatik ishtirok haqida emas, balki Markaziy Osiyoning barqaror rivojlanish kun tartibi shakllantiriladigan va butun mintaqa uchun uzoq muddatli ahamiyatga ega qarorlar qabul qilinadigan muhim formatlarda mazmunli qatnashish haqida bormoqda.
Bugungi kunda ekologik muammolar, jumladan, suv resurslari va iqlim o‘zgarishi masalalari Markaziy Osiyo mamlakatlari uchun dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu nuqtai nazardan, O‘zbekistonning transchegaraviy muammolarni hal etish bo‘yicha aniq yondashuvlarni taklif etib, faol tashabbuskor va birlashtiruvchi kuch sifatida maydonga chiqayotgani ayniqsa muhimdir. Sammit yakunida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga va o‘zaro kelishilgan hamkorlik mexanizmlarini ishlab chiqishga qaratilgan muhim hujjatlar qabul qilindi.
Bunday tashqi siyosiy faollik keng ko‘lamli islohotlar dasturining uzviy qismi bo‘lib, uning doirasida ochiqlik, modernizatsiya va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Qozog‘istonga tashrif va ekologik tashabbuslardagi ishtirok bu yo‘l nafaqat mamlakat ichida, balki mintaqaviy darajada ham amalga oshirilayotganidan dalolat beradi.
Shu bilan birga, O‘zbekiston jiddiy ekologik muammolarga, birinchi navbatda, Orol inqirozi oqibatlari bilan bog‘liq qiyinchiliklarga duch kelayotganini taʼkidlash lozim. Biroq, aynan shunday murakkab sharoitda mamlakat tizimli va masʼuliyatli yondashuvni namoyon etib, Orolning qurigan tubida millionlab gektar maydonda o‘rmonzorlar barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihalarni amalga oshirmoqda.
Shuningdek, suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha tashabbuslar faol ilgari surilmoqda hamda Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi doirasidagi xalqaro hamkorlik mustahkamlanmoqda. Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi BMT shafeligida ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida xalqaro miqyosda tan olindi.
Ko‘p jihatdan aynan shunday saʼy-harakatlar tufayli Markaziy Osiyo bugungi kunda yaxshi qo‘shnichilik va umumiy kelajak uchun birgalikdagi masʼuliyat makoni sifatida qabul qilinmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyevning izchil siyosati mintaqa mamlakatlari o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlashga hamda amaliy yechimlar va o‘zaro qo‘llab-quvvatlashga asoslangan hamkorlikning yangi modelini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Ishonchim komilki, bunday tashabbuslar mintaqa hududidan tashqarida ham katta ahamiyatga ega. Ular gumanitar, madaniy va ekspertlararo hamkorlikni o‘z ichiga olgan xalqaro aloqalarni kengaytirish uchun mustahkam zamin yaratadi hamda Markaziy Osiyo makonining barqaror rivojlanishi va barqarorligidan manfaatdor mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlash uchun yangi imkoniyatlar ochadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi