Logo

Londonda O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotiga bag‘ishlangan "IT Invest Day" biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

Mart 09, 2026. 18:31 • 2 daq

101
Londonda O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotiga bag‘ishlangan "IT Invest Day" biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Londonda O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotiga bag‘ishlangan "IT Invest Day" biznes-forumi bo‘lib o‘tdi
Londonda O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyotiga bag‘ishlangan "IT Invest Day" biznes-forumi bo‘lib o‘tdi

LONDON, 10-mart. /“Dunyo” AA/. Buyuk Britaniyadagi mamlakatimiz elchixonasi hamda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi hamkorligida “IT Invest Day” biznes-forumi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Ushbu forum O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirish hamda yurtimizga yuqori texnologiyali investitsiyalarni jalb etish maqsadida tashkil etildi.

Tadbirda O‘zbekistonda raqamli infratuzilma, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar va data markazlari sohalarida mavjud investitsiya imkoniyatlari Britaniyaning yetakchi investorlari va texnologik kompaniyalariga taqdim etildi.

Forumda “London Stock Exchange Group”, “Savvy”, “Meridian Universal”, “SteelRose”, “EY-Parthenon”, “AVDO”, “Hudson Sandler”, “Lewis Silkin LLP”, “Donut Soft” kabi moliya, strategik investitsiyalar, aktivlar boshqaruvi, konsalting, raqamli texnologiyalar hamda IT xizmatlar sohalarida faoliyat yurituvchi kompaniya va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekistonda axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish bo‘yicha so‘nggi yillarda amalga oshirilayotgan islohotlar, sohani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan institusional va huquqiy mexanizmlar, soliq imtiyozlari hamda IT mutaxassislarini tayyorlash bo‘yicha yo‘lga qo‘yilgan tizim haqida batafsil ma’lumot berildi.

Shuningdek, mamlakat hududlarida kadrlar salohiyatini rivojlantirish, yosh mutaxassislarni xalqaro IT bozoriga tayyorlash hamda “IT Park Uzbekistan” rezidentligi maqomining afzalliklari va investorlar uchun yaratilgan qulay shart-sharoitlar alohida ta’kidlandi.

Taqdimot doirasida O‘zbekistonni mintaqada sun’iy intellekt va raqamli infratuzilma markaziga aylantirishga qaratilgan strategik rejalar namoyish etildi. Sun’iy intellekt ekotizimini shakllantirish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini keng joriy etish, raqamli iqtisodiyotning o‘sish istiqbollari hamda data markazlarini tashkil etish bo‘yicha mavjud imkoniyatlar muhokama qilindi.

Tadbirda tashkil etilgan savol-javoblar sessiyasida xorijiy kompaniyalar va moliyaviy institutlar vakillari o‘zlarini qiziqtirgan masalalar yuzasidan fikr almashib, O‘zbekistonda raqamli infratuzilma, data markazlari va texnologik startaplar sohalarida loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mavjud imkoniyatlarni muhokama qildi.

Mazkur tadbir O‘zbekistonning raqamli iqtisodiyot sohasidagi investision salohiyatini xalqaro biznes doiralariga keng targ‘ib qilish, Britaniya kompaniyalari bilan yangi sheriklik aloqalarini o‘rnatish va mamlakatimizni mintaqaviy raqamli texnologiyalar markaziga aylantirishda muhim ahamiyat kasb etdi.

Forum yakunida ishtirokchilar o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuvlar tashkil etildi. Ularda infratuzilma jamg‘armalari, data markazi operatorlari, texnologik kompaniyalar va konsalting tashkilotlari bilan aniq investitsiya loyihalari bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi.

Default Avatar

Material muallifi

Ҳасан Мўминов

muminov@dunyo.uz

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish