Logo

16-19-iyun kunlari beshinchi yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi

Mart 03, 2026. 09:00 • 3 daq

296
16-19-iyun kunlari beshinchi yubiley Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tadi

TOSHKENT, 3-mart. /“Dunyo” AA/. 2026 yil 16-19-iyun kunlari Toshkent shahrida xorijiy investorlar, hukumatlar, xalqaro moliya institutlari va global biznes yetakchilarini birlashtirgan Markaziy Osiyoning asosiy investitsiya maydoni - beshinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi (TIIF-2026) o‘tkaziladi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (ISSV) maʼlumotiga ko‘ra, mazkur yubiley forumi 2025-yil iyun oyida o‘tkazilgan IV TIIF natijalarining mantiqiy davomi bo‘ladi. O‘tgan forumda 97 davlatdan 8 000 dan ortiq ishtirokchi, jumladan 3 000 ga yaqin xorijiy mehmon qatnashdi. Dastur doirasida 150 dan ziyod xalqaro spiker ishtirokida 36 ta panel sessiya tashkil etildi. Yakunida umumiy qiymati 30,5 milliard AQSH dollaridan ortiq bo‘lgan investitsiya bitimlari va savdo shartnomalari imzolandi.

Forum global moliya institutlari tomonidan bildirilayotgan yuqori darajadagi ishonchni yana bir bor tasdiqladi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (EBRD) prezidenti Odil Reno-Basso shunday taʼkidladi:“Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining TIIF kabi platformalarda ishtiroki Markaziy Osiyoning uzoq muddatli salohiyatiga bo‘lgan ishonchimizni va o‘zbek hamkorlar bilan birgalikda barqaror rivojlanish loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanimizni anglatadi”.

“Linde” kompaniyasi rahbari Shteffen Rixter esa investitsiya muhitidagi ijobiy o‘zgarishlarni qayd etdi:“Biz O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar uchun sharoitlarni yaxshilash borasida sezilarli qadamlarni ko‘ryapmiz. Bu strategik tarmoqlarda uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash uchun mustahkam zamin yaratadi”.

Xalqaro investorlar eʼtibori, avvalo, sanoat rivoji va energetika sohasiga qaratildi.

Forum doirasida so‘zga chiqqan “Knauf” boshqaruv raisi Nikolaus Knauf shunday dedi:“Biz O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim ishlab chiqarish maydoni sifatida ko‘ramiz. Islohotlarning izchilligi va investorlar uchun ochiqlik uzoq muddatli sanoat faoliyati uchun ishonchli asos yaratmoqda”.

O‘z navbatida, “Mangold Consulting” kompaniyasi raisi Klaus Mangold ham mamlakatning sanoat salohiyatini alohida taʼkidladi:“Markaziy Osiyoda ishlab chiqarishni rivojlantirishga bu qadar qatʼiy intilayotgan boshqa davlat yo‘q”.

“Al Jazeera Media Network” bosh direktori Mostefa Suag esa quyidagicha fikr bildirdi: “Biz O‘zbekistonda jiddiy transformatsion jarayonlarni kuzatyapmiz. Forum mamlakatning global muloqotga ochiqligini va xalqaro hamjamiyat bilan faol hamkorlikka tayyorligini namoyish etadi”.

Plenar sessiyalar bilan bir qatorda, forum doirasida 100 dan ortiq mahalliy ishlab chiqaruvchilar ishtirokida yirik sanoat ko‘rgazmasi, shuningdek, yuzlab B2B va B2G uchrashuvlar tashkil etildi. TIIF muzokaralar real loyihalarga, strategik niyatlar esa aniq investitsiya bitimlariga aylanadigan samarali platforma sifatida o‘zini to‘liq namoyon etdi.

TIIF-2026 erishilgan natijalarni mustahkamlash va investitsiya muloqotini yangi bosqichga olib chiqishni maqsad qilgan. Ishtirokchilar geografiyasini kengaytirish, tarmoq yo‘nalishlarini chuqurlashtirish hamda amaliy natijadorlikni yana-da kuchaytirish yubiley dasturining asosiy yo‘nalishlari bo‘ladi.

Bugungi kunda Toshkent xalqaro investitsiya forumi oddiy yillik tadbir emas. U xalqaro kapital ishonchining ko‘rsatkichi, O‘zbekistonning global qiymat zanjirlariga integratsiyalashuv vositasi hamda Markaziy Osiyo bilan jahon bozorlari o‘rtasida uzoq muddatli sheriklikni shakllantiruvchi strategik maydondir.

2026-yil iyun oyida o‘tkaziladigan yubiley forumi ushbu ijobiy dinamikaning mantiqiy cho‘qqisiga aylanadi va O‘zbekistonning mintaqadagi eng faol hamda istiqbolli investitsiya markazlaridan biri sifatidagi mavqeini yana bir bor tasdiqlaydi.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

dunyo@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish