O‘zbekiston madaniyati Sibirda keng namoyish etildi
Mart 26, 2026. 18:34 • 2 daq
• 134
NOVOSIBIRSK, 1-aprel. /“Dunyo” AA/. Mamlakatimizning Novosibirskdagi Bosh konsulligi diplomatlari Navro‘z bayramiga bag‘ishlab madaniy-maʼrifiy tadbir o‘tkazdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA.
Tadbirda Novosibirsk viloyati gubernatori, shahar meriyasi, vazirlik va idoralar, oliy o‘quv yurtlari va tahliliy markazlar, yirik sayyohlik kompaniyalari, mahalliy OAV vakillari, Novosibirskda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar, “LIBWAY-2026” xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi delegatlari hamda Sibirning Omsk, Tomsk va Kemerovo viloyatlaridan kelgan vatandoshlar ishtirok etdi.
O‘zbekiston Bosh konsuli Aslam Akbarov Navro‘z bayrami ming yillar davomida xalqlar o‘rtasida maʼnaviy ko‘prik bo‘lib xizmat qilganini taʼkidladi. Unda mujassam bo‘lgan tinchlik, do‘stlik va hamkorlik g‘oyalari zamonaviy hayotda ham muhim ahamiyatga ega ekani, o‘zbek xalqining yuksak maʼnaviy fazilatlari esa amaliy ezgu ishlarda namoyon bo‘layotgani qayd etildi. Shuningdek, O‘zbekiston Prezidentining qo‘shni davlatlar bilan birlikda Markaziy Osiyo mintaqasini tinchlik va hamkorlik makoniga aylantirishga qaratilgan tashabbuslari eʼtirof etildi.
Novosibirsk viloyati gubernatori maʼmuriyati vakili Igor Konshin viloyat gubernatori Andrey Travnikovning tabrigini o‘qib eshittirdi va Navro‘z bayramining O‘zbekistonning boy madaniy va tarixiy merosini namoyon etadigan ahamiyatiga urg‘u berdi.
Shahar meri o‘rinbosari Kseniya Antonova esa bayramning tabiat va insondagi eng yaxshi fazilatlarni namoyon etishi va ko‘p millatli Sibirda keng nishonlanishini alohida qayd etdi.
Tadbirda Navro‘zning tarixi va anʼanalari, O‘zbekistonning turizm salohiyati haqida hujjatli film namoyish etildi. Shu bilan birga, milliy qo‘shiq va raqslardan iborat madaniy dastur taqdim etildi.
Novosibirsk davlat konservatoriyasida vokal yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarning yakkaxon chiqishi, jahon operalari va mashhur o‘zbek qo‘shiqlari hamda Tomskning “Yarada” folklor ansambli ijrosidagi raqslar tadbirda alohida qiziqish uyg‘otdi.
Mehmonlar tashkil etilgan ko‘rgazmada o‘zbek hunarmandlari tomonidan tayyorlangan so‘zana, milliy liboslar, amaliy sanʼat buyumlari va qo‘l mehnati namunalari bilan tanishish imkoniga ega bo‘ldi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi