Kembrij universitetida Navro‘z shukuhi: Markaziy Osiyo xalqlarining birligi va madaniy merosi tarannum etildi
Mart 25, 2026. 15:32 • 2 daq
• 109
LONDON, 30-mart. /“Dunyo” AA/. Dunyoning eng qadimiy va nufuzli bilim yurtlaridan biri — Kembrij universitetida xalqaro Navro‘z kuni munosabati bilan madaniy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Tantanali tadbir Markaziy Osiyo bo‘yicha Kembrij forumi hamda O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etildi. Unda 250 nafardan ortiq mehmon, jumladan, Britaniya parlamenti a’zolari, rasmiy, siyosiy va akademik doira vakillari, Tojikiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon diplomatik missiyalari xodimlari, shuningdek, o‘zbekistonlik talabalar va vatandoshlar ishtirok etdilar.
So‘zga chiqqan diplomatlar va mehmonlar Navro‘zning teran ma’naviy mohiyatiga alohida to‘xtalib o‘tdilar. Ushbu qadimiy bayram xalqlar o‘rtasida mehr-oqibat, saxovat, bag‘rikenglik va hamjihatlik kabi ezgu fazilatlarni mujassam etgan noyob insoniy an’ana ekani ta’kidlandi.
Madaniy dastur doirasida Kembrij universiteti talabalari hamda Markaziy Osiyo davlatlarining ijodiy jamoalari tomonidan xalqona chiqishlar namoyish etildi. Milliy qo‘shiqlar, jozibador raqslar va folklor sahnalari orqali bayramning betakror ruhi jonli tarzda aks ettirildi.
Tadbirning eng diqqatga sazovor qismi ishtirokchi davlatlar tomonidan tashkil etilgan milliy ko‘rgazmalar bo‘ldi. O‘zbekiston milliy burchagida mamlakatimizning sayyohlik salohiyati, nafis kashtachilik va hunarmandchilik namunalari, amaliy san’at asarlari keng namoyish etildi. Shuningdek, mehmonlar o‘zbek milliy taomlaridan bahramand bo‘lish imkoniga ega bo‘ldilar.
Kembrij universiteti rahbariyati tadbirni yuksak saviyada tashkil etishda O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasining munosib hissasini alohida e’tirof etib, minnatdorchilik izhor etdi. Qayd etilganidek, Navro‘zning Markaziy Osiyo xalqlari tomonidan hamjihatlikda nishonlanishi mintaqaviy birlikning yorqin namunasi bo‘lib, xalqlarni bir-biriga yaqinlashtiruvchi muhim madaniy ko‘prik vazifasini o‘tamoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi