“Tatar-inform”AA: O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi jahon jamoatchiligi eʼtiborini tortadigan noyob makonga aylanmoqda
Mart 15, 2026. 13:30 • 2 daq
• 80
QOZON, 15-mart. /“Dunyo” AA/. Tataristondagi “Tatmedia” media-xoldingi tarkibiga kiruvchi “Tatar-inform” AAda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati haqida maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Maqolada yozilishicha, markaz direktori Firdavs Abduxoliqov bu ulkan majmua Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan. Loyihaning asosiy maqsadi zamonaviy muzey ekspozitsiyasi, tadqiqot infratuzilmasi, kutubxona va raqamli texnologiyalar orqali islom sivilizatsiyasining boy merosini asrab-avaylash, o‘rganish va ommalashtirishdan iborat.
Markaz direktorining so‘zlariga ko‘ra, majmua jahon jamoatchiligi eʼtiborini tortadigan noyob makonga aylandi. Davlatlar va xalqaro tashkilotlar rahbarlari markazga tashrif buyurib, ekspozitsiyalar, ilmiy loyihalar va madaniy dasturlar bilan tanishmoqda, uning global gumanitar muloqot uchun ahamiyatini qayd etmoqda.
Muhtasham majmua bilim almashish va sivilizatsiyalararo hamkorlikni mustahkamlash uchun platforma vazifasini bajarmoqda. BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish ushbu tashabbusni yuqori baholab, uning maʼrifat, o‘zaro hurmat va sivilizatsiyalar muloqoti g‘oyalarini ilgari surishdagi ahamiyatini alohida eʼtirof etgan.
Loyiha xalqaro yetakchilar tomonidan ham ijobiy baholandi. Qozog‘iston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev majmuani ulkan ilmiy va madaniy obyekt deb atagan. Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev esa markazning bag‘rikenglik va do‘stlikni mustahkamlashdagi ahamiyati haqida fikr bildirgan. Shuningdek, Paragvay yetakchisi Santyago Penya, Finlyandiya davlat rahbari Aleksandr Stubb, Serbiya prezidenti Aleksandr Vuchich ham ushbu markazning o‘ziga xosligi haqida gapirgan.
Nashrda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining allaqachon olimlar, madaniyat arboblari va xalqaro yetakchilar uchun muhim jozibador nuqtaga aylangani alohida qayd etilgan.
Mazkur markaz qadimiy merosni asrab-avaylash va ilm-fanni rivojlantirish birgalikda olib borilishi mumkinligini ko‘rsatib, xalqlar o‘rtasida muloqot, o‘zaro tushunish va hamkorlik uchun maxsus platforma sifatida ko‘rilmoqda. Ushbu mega loyiha nafaqat muzey yoki tadqiqot majmuasi, balki zamonaviy dunyoga taʼsir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan tarix, madaniyat va gumanitar diplomatiyaga yangicha yondashuv ramzidir.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi