Yaponiyada yurtimiz tarixi, madaniyati va iqtisodiyotiga bag'ishlangan seminar o'tkazildi
Noyabr 25, 2025. 08:10 • 2 daq
• 119
TOKIO, 25-noyabr. /"Dunyo" AA/. Yaponiyada O'zbekistonning tarixiy-madaniy merosi hamda "Yangi O'zbekiston" va "Uchinchi Renessans" poydevorini barpo qilish bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlarga bag'ishlangan seminar o'tkazildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekistonning Tokiodagi Elchixonasi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Yaponiya parlamenti va hukumatining bir qator vakillari, ilmiy doiralar, jamoat tashkilotlari hamda ekspertlar ishtirok etdi.
Uchrashuvda ishtirokchilar mamlakatimiz tarixi, madaniyati, iqtisodiyoti, "Yangi O'zbekiston" va "Uchinchi Renessans" poydevorini barpo etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida o'zaro fikr-mulohaza almashdi.
Jumladan, Yaponiya Parlamenti deputati, Atrof-muhit vaziri o'rinbosari Suji Kiyoto so'zga chiqib, O'zbekistonning so'nggi yillarda mintaqadagi muhim drayver davlatga aylangani, Davlat rahbarining samarali islohotlari natijasida mamlakatda ijtimoiy-iqtisodiy ko'rsatkichlar doimiy o'sib borayotganini ta'kidladi. U O'zbekistonni Yaponiya uchun mintaqadagi eng muhim va yaqin do'stona davlatlar sifatida e'tirof etib, ikki mamlakat o'rtasidagi munosabatlarning izchil mustahkamlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Shuningdek, Yaponiya Parlamenti deputati, Yer, infratuzilmalar, transport va turizm vaziri o'rinbosari Xajime Sasaki 2016-yilda ilk bor O'zbekistonga tashrif buyurganini eslab, ushbu safari unda yurtimiz haqida iliq taassurotlar qoldirganini bildirdi. U bugungi kunda Yaponiya Parlamentining O'zbekiston bilan do'stlik ligasi a'zosi sifatida ikki mamlakat munosabatlari rivojiga o'z hissasini qo'shib kelayotganini ta'kidladi hamda kelgusida ham bu yo'nalishda barcha imkoniyatlarini ishga solishga tayyor ekanini bildirdi.
Yaponiyaning O'zbekistondagi sobiq elchilari Fumihiko Kato va Xatori Takashi ham yurtimizdagi mehnat faoliyati haqida gapirib, O'zbekistonning geografik joylashuviga qaramay tinch, xavfsiz va osoyishta mamlakat ekani, bu yerdagi oqilona va pragmatik tashqi siyosat natijasida yapon sayyohlari va investorlari oqimi yildan-yilga ortib borayotganini aniq misollar bilan tushuntirdi.
Elchi Muhsinxo'ja Abdurahmonov so'zga chiqqanlarga samimiy fikrlari uchun minnatdorlik bildirib, O'zbekiston Markaziy Osiyoning markazida joylashgani, boy tarixiy va madaniy merosga ega mamlakat ekani, azaldan Ipak yo'li orqali turli sivilizatsiyalarni bog'lab kelganini ta'kidladi. Shu bois, yurtimizning tarixiy merosi va madaniy boyligi bugungi kunda ham mamlakat turizm jozibadorligi va xalqaro imijining muhim qismi ekanini qayd etdi.
Tadbirda ikki davlat jamoatchiligi o'rtasidagi do'stlik, madaniy aloqalarni kengaytirish va "xalqlar diplomatiyasi"ni mustahkamlash masalalariga alohida e'tibor qaratildi. Muloqotlar ochiq va samarali ruhda o'tib, kelgusida hamkorlikni yana-da rivojlantirishga xizmat qiladigan taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston elchisi Bangladesh Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Rigada Oʻzbekiston milliy stendi taqdim etildi
Krasnoyarsk viloyatining Oʻzbekistonga tashrifi amalga oshirildi