Krasnoyarsk viloyatining Oʻzbekistonga tashrifi amalga oshirildi
Noyabr 23, 2025. 10:52 • 2 daq
• 45
TOSHKENT, 22-noyabr. /"Dunyo" AA/. Oʻzbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi tomonidan Krasnoyarsk viloyatining Oʻzbekistonga tashrifi amalga oshirildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Delegatsiya tarkibiga vazirlik va idora rahbarlari, viloyat hokimligi va ma'muriyati a'zolari hamda ishbilarmon doiralarning yetakchi vakillari kirdi.
Oʻzbekiston Krasnoyarsk viloyatining asosiy tashqi iqtisodiy hamkorlaridan biri boʻlib, 2024-yil yakunlariga koʻra, ikki tomonlama tovar aylanmasi 120 million AQSH dollaridan oshgan.
Mehmonlarning Toshkent va Surxondaryo viloyatlariga tashrifi davomida Krasnoyarsk oʻlkasining savdo-iqtisodiy, investitsion va turizm salohiyati namoyish qilindi. Krasnoyarsk viloyatining sanoat va savdo vaziri Maksim Yermakov Oʻzbekiston bilan savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va investitsion aloqalarni rivojlantirish istagini bildirdi.
Oʻz navbatida, Oʻzbekistonning Novosibirsk shahridagi bosh konsuli Aslam Akbarov Krasnoyarsk bozorida oʻzbek mahsulotlarini koʻpaytirish, toʻqimachilik sanoati uchun asbob-uskunalar va materiallar yetkazib berishni kengaytirish zarurligini ta'kidladi.
Krasnoyarsk ishbilarmon doiralari vakillari qishloq xoʻjaligi, kimyo va yogʻochni qayta ishlash sanoati, transport, logistika, ta'lim va turizm kabi sohalaridagi loyihalarni taqdim etdi. B2B formatdagi uchrashuvlar davomida tomonlar issiqxona xoʻjaliklarini tashkil etish, toʻqimachilik mahsulotlarini yetkazib berish va kimyo sanoati sohasidagi hamkorlikni kengaytirish kabi loyihalarni birgalikda amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
Fargʻona va Surxondaryo viloyatlaridan meva-sabzavot mahsulotlarini Sibir va Uzoq Sharqqa eksport qilishni koʻpaytirish maqsadida Krasnoyarsk viloyatida ulgurji taqsimot markazini tashkil etishga alohida e'tibor qaratildi. Rossiya vakillari ikki tomonlama hamkorlik boʻyicha "Yoʻl xaritasi"ni ishlab chiqish va 2026-yil bahorida Oʻzbeksiston viloyatlaridan Krasnoyarsk oʻlkasiga biznes-missiyasini tashkil etishni qoʻllab-quvvatladi.
Ammiak va azot oʻgʻitlarini yetkazib berish, Fargʻona–Krasnoyarsk–Fargʻona yoʻnalishida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovni ochish, qurilish, qishloq xoʻjaligi va yogʻochni qayta ishlash sanoati sohalarida ikki davlat kompaniyalari va tashkilotlari oʻrtasida hamkorlik memorandumlarini imzolash boʻyicha kelishuvlarga erishildi.
Rossiya delegatsiyasining tashrifi davomida Oʻzbekiston Turizm qoʻmitasi bilan uchrashuvlar boʻlib oʻtdi hamda unda Krasnoyarskda "Road Show" tashkil etish va turoperatorlar oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya Surxondaryo viloyatida ham boʻlib, "Ayritom" erkin iqtisodiy zonasi, "Termez Cargo Centre" logistika markazi, Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti hamda viloyatdagi yirik korxonalar faoliyati bilan tanishdi.
Tashrif davomida Krasnoyarsk viloyati mahsulotlari uchun "Ayritom" erkin iqtisodiy zonasida koʻrgazma pavilyonini ochish va keyinchalik ularni Afgʻonistonga yetkazib berishni davom ettirish masalalari muhokama qilindi. Delegatsiya "Termez Cargo Centre" logistika markazida bojxona rasmiylashtiruvi, saqlash va yuklarni qayta ishlash, tranzit intermodal tashish xizmatlari boʻyicha xizmatlar majmuasini oʻrganib chiqdi.
Tomonlar birgalikda ishlab chiqarish va investitsion loyihalarni amalga oshirish, biznes doiralari vakillari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashish hamda madaniy va turizm hamkorligini kengaytirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston elchisi Bangladesh Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi
Rigada Oʻzbekiston milliy stendi taqdim etildi