Logo

Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya infratuzilma va qurilish loyihalarida hamkorlikni rivojlantirmoqda

Noyabr 23, 2025. 11:00 • 52 soniya

89
Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya infratuzilma va qurilish loyihalarida hamkorlikni rivojlantirmoqda

LONDON, 24-noyabr. /"Dunyo" AA/. Londonda Oʻzbekiston va Buyuk Britaniya oʻrtasida qurilish va arxitektura sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga bagʻishlangan tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Buyuk Britaniya hukumatining Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ozarbayjon bilan savdo masalalari boʻyicha maxsus vakili Lord Olderdays, Buyuk Britaniya Biznes va savdo vazirligi, Eksportni moliyalashtirish agentligi, "Standard Chartered" banki rahbarlari, shuningdek, Britaniyaning "Cross Works," "Zaha Hadid Architects," "Arup," "WilkinsonEyre," "Civic," "LDA Design," "Crossrail International," "AtkinsRealis," "Chapman Taylor" va boshqa yetakchi muhandislik va arxitektura kompaniyalari vakillari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Buyuk Britaniya ishbilarmon doiralari vakillari Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan yirik infratuzilma va qurilish loyihalarida ishtirokini yanada kengaytirishdan manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar.

Ta'kidlash lozimki, Britaniya muhandislik kompaniyalari Oʻzbekistondani qator loyihalarning konsepsiyasini shakllantirgan. Xususan, "Cross-works" kompaniyasi tomonidan Yangi Toshkent shahri loyihasi, "Zaha Hadid architects" tomonidan Alisher Navoiy nomidagi xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Adabiyot muzeyi va Milliy maqom markazini oʻz ichiga olgan majmua loyihasi, "ARUP" tomonidan Samarqanddagi Ipak yoʻli turizm markazi loyihasi konsepsiyasi ishlab chiqilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish