Logo

ISMI eksperti: Chegara masalalarining hal etilishi – Farg‘ona vodiysidagi yangi siyosiy voqelikning inʼikosi

Aprel 03, 2026. 17:45 • 2 daq

2
ISMI eksperti: Chegara masalalarining hal etilishi – Farg‘ona vodiysidagi yangi siyosiy voqelikning inʼikosi

FARG‘ONA, 3-aprel. /“Dunyo” AA/. Joriy yilning 31-mart kuni Farg‘ona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Ozarbayjon o‘rtasidagi do‘stlik forumi doirasida “Do‘stlik stelalari – qardosh mamlakatlar o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnichilik, ishonch va strategik sheriklik ramzi” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan ushbu nufuzli tadbirda mintaqa mamlakatlari va Ozarbayjonning taniqli olimlari, ekspertlari, parlament vakillari, vazirlik va idoralar rahbarlari hamda fuqarolik jamiyati institutlari yetakchilari ishtirok etdilar. Anjumanda so‘zga chiqqan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti (SMTI) yetakchi ilmiy xodimi Shahlo Hamraxojayeva so‘nggi yillarda Farg‘ona vodiysida kuzatilayotgan tub ijobiy o‘zgarishlarga alohida to‘xtaldi.

Ekspertning taʼkidlashicha, Markaziy Osiyo davlatlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari natijasida mintaqaning eng murakkab va nozik masalalaridan biri bo‘lgan chegara nizolarini hal etishda misli ko‘rilmagan natijalarga erishildi. Bu jarayonlarning huquqiy tasdig‘i sifatida “Abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasi” va Davlat chegaralarining tutash nuqtasi to‘g‘risidagi shartnomaning imzolanishi ko‘rsatib o‘tildi. Bu hujjatlar o‘zaro hurmat, muloqot va umumiy kelajak uchun intilishga asoslangan mutlaqo yangi siyosiy voqelik shakllanganidan dalolat beradi.

Shuningdek, o‘tgan yilning oktyabr oyida Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkazilgan “Farg‘ona tinchlik forumi” ushbu tinchlik jarayonlarining amaliy davomi bo‘lgani qayd etildi. Mazkur platformaning o‘ziga xosligi uning inklyuzivligida bo‘lib, unda mahalla faollari, yoshlar va xotin-qizlarning ishtiroki taʼminlangani taʼkidlandi. SMTI vakili ushbu maydonning ahamiyati mintaqaviy darajada tan olinganini, xususan, O‘zbekiston rahbari tomonidan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 7-maslahat uchrashuvida ushbu formatni muntazam Xalqaro forumga aylantirish tashabbusi ilgari surilgani va bu g‘oya qo‘shni davlatlar tomonidan to‘liq qo‘llab-quvvatlanganini bildirdi.

Xulosa o‘rnida Shahlo Hamraxojayeva Farg‘ona vodiysining tinchlik va barqaror rivojlanish makoniga aylanishi mintaqaviy hamkorlik samaradorligining yaqqol namunasi ekanini taʼkidladi. Ishonchni mustahkamlash va strategik tashabbuslarni birgalikda amalga oshirish nafaqat Markaziy Osiyo, balki kengroq mintaqalararo hududda ham barqarorlik va farovonlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Default Avatar

Material muallifi

Zilola Ahmedova

zilola@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish