Logo

“Xitoy” jurnali: O‘zbekiston Prezidenti Murojaatnomasi mamlakat taraqqiyotini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi

Yanvar 06, 2026. 18:08 • 2 daq

223
“Xitoy” jurnali: O‘zbekiston Prezidenti Murojaatnomasi mamlakat taraqqiyotini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi

PEKIN, 8-yanvar. /“Dunyo” AA/. “Xitoy” jurnali sahifalarida “Eldor Aripov: O‘zbekiston Prezidentining Murojaatnomasi – mamlakatni kelajakda rivojlantirishning strategik vektori” sarlavhali maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Maqolada qayd etilishicha, Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga Murojaatnomasi ahamiyatiga ko‘ra har yilgi siyosiy murojaatnoma doirasidan ancha tashqariga chiqadi. U mamlakat taraqqiyotining sifat jihatidan yangi bosqichiga – islohotlarni institutsional jihatdan mustahkamlash va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan barqaror o‘sish modelini shakllantirishga o‘tishini qayd etuvchi strategik hujjatdir.

“Murojaatnoma mazmunining tahlili shuni ko‘rsatadiki, uning ustuvor yo‘nalishlari so‘nggi yillarda jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda, fuqarolarning murojaatlarida barqaror qayd etilayotgan muammolarga to‘liq mos keladi. Asosiy eʼtibor bandlik, daromadlar, ijtimoiy xizmatlarning mavjudligi, taʼlim va sog‘liqni saqlash sifati, shuningdek, davlat boshqaruvining adolatliligi va samaradorligiga qaratilgan”, deb yozadi nashr.

Agar 2017–2018 yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi ikki xonali qiymatlar bilan o‘lchangan bo‘lsa (taxminan 35 foiz), 2024 yilga kelib u 8,9 foizga tushdi.

2025 yilda kambag‘allik darajasining 5,8 foizga qisqarishi mamlakat nafaqat yil oxirigacha qashshoqlik darajasini olti foizga tushirish bo‘yicha ilgari qo‘yilgan maqsadga yaqinlashayotganidan, balki undan ham oshib borayotganidan dalolat beradi.

“Murojaatnomada 2030 yilgacha mutlaq qashshoqlikka to‘liq barham berish strategik maqsadi ko‘rsatilgan bo‘lib, bu hodisaga qarshi kurashish istiqbolga mo‘ljallangan davlat strategiyasining markaziy yo‘nalishlaridan biriga aylandi. Ushbu yutuqqa aholi daromadlarini barqaror oshirish, ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoyani kuchaytirishga qaratilgan qator ijtimoiy dasturlar va islohotlarning samarali amalga oshirilishi tufayli erishildi”, - deyiladi maqolada.

Default Avatar

Material muallifi

Xo‘jabek Nematilloxonov

xojabek@dunyo.info

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish