“Daily Gwadar Times” gazetasi: O‘zbekiston Prezidenti Murojaatnomasida taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari strategik ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatildi
Yanvar 10, 2026. 10:25 • 3 daq
• 118
ISLOMOBOD, 10-yanvar. /“Dunyo” AA/. Pokistonning “Daily Gwadar Times” gazetasida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan Murojaatnomasining mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan maqola eʼlon qilindi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Davlatimiz rahbari huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori Eldor Aripov qalamiga mansub ushbu tahliliy maqolada yozilganidek, O‘zbekiston Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga yo‘llagan bu galgi Murojaatnomasi o‘z ahamiyatiga ko‘ra har yilgi siyosiy Murojaatnoma doirasidan ancha keng. U mamlakatning sifat jihatidan yangi rivojlanish bosqichiga – islohotlarni institutsional mustahkamlash va uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan barqaror o‘sish modelini shakllantirishga o‘tishini qayd etuvchi strategik hujjatdir.
SMTI direktori taʼkidlaganidek, so‘nggi o‘n yillikda O‘zbekiston iqtisodiyoti sifatli va tizimli yangilanishning jadal yo‘lini bosib o‘tdi. 2010-yillarning o‘rtalarida O‘zbekiston yalpi ichki mahsulotining nominal hajmi 60-65 milliard dollar atrofida bo‘lgan, hozirga kelib esa bu ko‘rsatkich Murojaatnomada taʼkidlanganidek, 145 milliard dollarga yetdi. Gap tarixdagi misli ko‘rilmagan qisqa muddatda mamlakatimiz iqtisodiy ko‘lami ikki barobardan ziyod kengaygani haqida bormoqda.
“Ha, keyingi yillarda iqtisodiyotning o‘rtacha yillik o‘sish surʼati barqaror ravishda 6 foiz atrofida saqlanib kelmoqda. Bu nafaqat ijobiy dinamikaning davom etayotganini, balki iqtisodiyotning tashqi zarbalar – pandemiya, xomashyo va logistika zanjiridagi uzilishlar hamda global inflyatsiya sharoitida ham barqaror o‘sish qobiliyatiga ega ekanini anglatadi”, – deydi muallif.
Nashrda taʼkidlanishicha, murojaatnomaning eng muhim xususiyatlaridan biri davlat va fuqarolar o‘rtasidagi aloqaning yorqin ifodasi bo‘ldi. Buni, ayniqsa, amalga oshirilayotgan islohotlarning aholi ehtiyojlariga qanchalik mos kelayotganida ham ko‘rish mumkin.
Zero, Murojaatnoma mazmuni tahlili uning ustuvor yo‘nalishlari so‘nggi yillarda jamoatchilik o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovlarda, fuqarolarning murojaatlarida muntazam qayd etib kelinayotgan muammolarga to‘liq mos kelishini ko‘rsatadi. Asosiy eʼtibor bandlik, daromad, ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyati, taʼlim va sog‘liqni saqlash sifati, shuningdek, adolat va davlat boshqaruvining samaradorligiga qaratilgan.
Pokiston bosma nashri maʼlum qilganidek, 2017-2018-yillarda O‘zbekistonda kambag‘allik darajasi ikki xonali raqamlar (taxminan 35 foiz) bilan o‘lchangan bo‘lsa, 2024-yilga kelib 8,9 foizgacha kamaydi. 2025-yilda kambag‘allikning 5,8 foizgacha pasayishi mamlakat bu borada uch yil oldin 2026-yil yakuni bo‘yicha reja qilingan maqsadga bir yil oldin erishganini ko‘rsatadi.
Eldor Aripov yozganidek, fuqarolarni eshitishning muhim ko‘rsatkichi asosiy xizmatlar sifatiga eʼtibor qaratishdir.
“Murojaatnomada taʼlim, sog‘liqni saqlash va kadrlar tayyorlash masalalari ikkinchi darajali emas, balki strategik ustuvor yo‘nalish sifatida ko‘rsatilgan. Bu inson kapitali sifatini va ijtimoiy harakatchanlikni oshirishga bo‘lgan haqiqiy ijtimoiy talabga mos keladi, – deb taʼkidlagan u.
– Murojaatnoma mazmuni davlat o‘z fuqarolarini eshitish va jamoatchilik kutayotgan yangilanishlarni strategik siyosat elementlariga aylantirish qobiliyatini birgalikda namoyish etayotgani haqida xulosa chiqarishga imkon beradi”.
“Daily Gwadar Times” gazetasida bosilgan maqola yakunida yozilganidek, O‘zbekiston Prezidentning parlamentga Murojaatnomasi nafaqat islohotlarning navbatdagi bosqichi kun tartibini, balki O‘zbekistonning kelajakdagi rivojlanishining strategik matritsasini shakllantiradi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
Barchasi