"Eurasia Magazine": Davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvlari Markaziy Osiyoning yangi arxitekturasini shakllantirmoqda
Noyabr 25, 2025. 17:58 • 2 daq
• 37
BUDAPESHT, 25-noyabr. /"Dunyo" AA/. Vengriyaning nufuzli "Eurasia Magazine" jurnalida "Chegarasiz muloqot: Markaziy Osiyo davlatlari hamkorlikni qanday mustahkamlamoqda?" sarlavhali maqola e'lon qilindi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktorining birinchi o'rinbosari Akramjon Ne'matov hamda shu muassasa yetakchi ilmiy xodimi Shahlo Xamraxodjayeva muallifligidagi ushbu maqolada Markaziy Osiyo mintaqasining rivojlanishi va bunda mamlakatimizning tutgan o'rni haqida to'xtalib o'tilgan.
Maqolada ta'kidlanishicha, so'nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari mintaqaviy hamkorlikni har tomonlama chuqurlashtirish va kengaytirishga qat'iy intilib kelmoqda. Siyosiy ishonch va o'zaro manfaatli hamkorlik mintaqa davlatlariga qiyinchiliklarni mustaqil ravishda yengib o'tish va o'zaro hamkorlikning o'ziga xos, samarali modelini shakllantirish imkonini bermoqda. Bu borada O'zbekiston Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan davlat rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari Markaziy Osiyoning yangi arxitekturasini shakllantirish uchun muhim maydonga aylanmoqda.
Joriy yilda Toshkentda o'tkazilgan davlat rahbarlarining yettinchi Maslahat uchrashuvlari ham "Yangi Markaziy Osiyo: birdamlik, barqarorlik va farovonlik makoni" shiori ostida yuksak saviyada tashkil etildi. Ushbu nufuzli tadbir mintaqaviy yangilanishlar falsafasini to'liq aks ettirgan holda o'zaro hamkorlikni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Bugungi kunda Markaziy Osiyo yiliga 6 foiz atrofida barqaror sanoat o'sishini namoyish etmoqda, bu esa jahonning o'rtacha ko'rsatkichidan ikki baravar yuqori. Bunga qo'shma korxonalar va investitsiya fondlarining (o'zbek–qirg'iz, o'zbek–tojik, qozoq–qirg'iz) ishga tushirilishi, avtomobilsozlik, elektrotexnika, to'qimachilik sanoati va qishloq xo'jaligi sohalaridagi loyihalarning rivojlantirilishi yordam bermoqda. Kichik va o'rta biznesning o'sishini rag'batlantiruvchi chegaraoldi savdo zonalari hamda xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazlari faol rivojlanmoqda.
"So'nggi yillardagi iqtisodiy natijalar tanlangan modelning samaradorligini tasdiqlaydi. Jumladan, mintaqa mamlakatlarining yalpi ichki mahsuloti sakkiz yil ichida qariyb 2,5 barobar o'sib, 520 milliard dollarga yetdi, tashqi savdo hajmi esa ikki barobarga oshib, 253 milliard dollarni tashkil etdi. Mintaqa ichidagi savdo hajmi ikki barobarga ko'payib, 11 milliard dollardan oshdi, o'zaro investitsiyalar hajmi esa 5,6 barobar o'sdi", – deya ma'lumot berilgan "Eurasia Magazine" nashrida.
Shuningdek, maqolada aytilishicha, Markaziy Osiyo Yevroosiyoning muhim transport-tranzit markazi maqomini qayta tiklash uchun noyob imkoniyatga ega bo'lmoqda. Sharq va G'arbni, Shimol va Janubni bog'laydigan mintaqaning geografik joylashuvi barqaror savdo va logistika oqimlarini shakllantirish uchun qulay sharoit yaratadi. Bu borada O'zbekiston mintaqani xalqaro transport yo'laklariga integratsiya qiladigan yirik loyiha va tashabbuslarni ilgari surmoqda.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
Oʻzbekiston delegatsiyasi ayollar muloqoti forumida ishtirok etdi
"Europa Press": Ispaniya va O'zbekiston qishloq xo'jaligi sohasida memorandum imzoladi
O'zbek milliy qadriyatlari "Charity Bazaar" xayriya festivalida e'tirof etildi
Ukraina OAV: O'zbekistonda xususiy klinikalarni qo'llab-quvvatlash rivojlantiriladi