Logo

O'zbekiston davlat mustaqilligining 34 yilligi Germaniyada keng tantana qilindi

Sentabr 29, 2025. 12:48 • 4 daq

76
O'zbekiston davlat mustaqilligining 34 yilligi Germaniyada keng tantana qilindi

BERLIN, 29-sentyabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasida O'zbekiston davlatimiz mustaqilligining 34 yilligiga bag'ishlangan tantanali tadbir o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda mezbon mamlakatning hukumat va parlament a'zolari, vazirlik va idoralar hamda iqtisodiy, madaniy va akademik doiralari, OAV vakillari, Berlinda akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik vakolatxonalar rahbarlari, vatandoshlar qatnashdi.

Tadbir faxriy mehmoni sifatida GFR Tashqi ishlar vazirligi Yevropa bo'yicha Davlat vaziri Gyunter Krixbaum ishtirok etdi.

Tantanali tadbirning ochilish qismida diplomatik vakolatxona rahbari Dilshod Axatov so'zga chiqib, mamlakatimiz yetakchisi rahbarligida Yangi O'zbekistonda turli jabhalarda amalga oshirilayotgan keng qamrovli, ortga qaytmas islohotlar, iqtisodiy o'sish sur'atlari, xorijiy sarmoyalar oqimi, yashil iqtisodiyot, tadbirkorlik va yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash borasidagi faol tadbirlar, turizm va boshqa sohalardagi taraqqiyot haqida ta'kidladi. O'zbekistonning ochiq va pragmatik tashqi siyosati, mintaqaviy hamkorlikka qaratilgan sa'y-harakatlar natijasida respublikaning xalqaro maydondagi nufuzi tobora oshib borayotgani urg'ulandi. Shuningdek, Germaniya bilan siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi hamkorlik mustahkam rivojlanayotgani, ikki mamlakat rahbarlarining o'zaro tashriflari va yuqori darajadagi muloqotlar hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqqani qayd etildi. Ikki tomonlama aloqalarni qo'llab-quvvatlayotgan barcha germaniyalik hamkorlarga samimiy minnatdorlik bildirildi.

GFR Tashqi ishlar vazirligi Davlat vaziri Gyunter Krixbaum so'zining avvalida Germaniya Tashqi ishlar vaziri Yohann Vadefulning samimiy tabrigini yetkazib, O'zbekiston xalqini davlat Mustaqillik bayrami bilan qutladi. Mamlakatlar o'rtasidagi do'stona munosabatlarning bugungi holatini yuksak baholab, ikki davlat o'rtasida savdo-iqtisodiy hamkorlik ham izchil rivojlanib, kengayib borayotganini alohida ta'kidladi.

"Yurtingizning go'zal tabiati, totli noz-ne'matlari, qadimiy shaharlari alohida e'tirofga loyiq. Bu esa iqtisodiyot va turizm sohalarida mamlakatlarimiz o'rtasida keng qamrovli hamkorlik istiqbollarini ochadi. Qadimda sivilizatsiya beshigi bo'lib kelgan Samarqand bugungi kunda ham xalqaro nufuzini tiklamoqda. YUNESKO Bosh konferensiyasi qirq yildan so'ng birinchi marotaba Parijdan tashqarida – Samarqandda o'tishi, yaqinda "Markaziy Osiyo-YI" sammiti muvaffaqiyatli o'tgani so'zim isbotidir. Germaniya-O'zbekiston munosabatlari savdo-iqtisodiy, mehnat migratsiyasi va turizm yo'nalishlarida yanada chuqurlashishiga aminman", – deb Gyunter Krixbaum.

Tantanali tadbir dasturining madaniy qismida yurtdoshimiz taniqli pianinochi Eleonora Kotlibulatova ijrosida O'zbekiston va Germaniya bastakorlari asarlari ijro etildi. Sharq xalqlari musiqasi bilan tanilgan Germaniyaning "RITM-X" guruhi tomonidan ijro etilgan o'zbek milliy kuy-qo'shiqlari hamda havaskor vatandoshlarimiz ijrosidagi raqclardan iborat boy madaniy dastur mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.


Tilo Klinner, Germaniyaning O'zbekistondagi sobiq elchisi:

– Men uchun Germaniyaning O'zbekistondagi sobiq elchisi sifatida ushbu milliy bayramda ishtirok etish katta sharafdir. Ayniqsa, dastur bizda katta taassurot qoldirdi. Elchining siyosiy aloqalarimiz haqida bildirgan fikrlaridan tashqari, O'zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi, uning boy musiqiy an'analari va turizm salohiyati haqida ham ma'lumot oldik.

O'zbekiston va Germaniya o'rtasidagi munosabatlar juda yuqori bosqichga ko'tarildi. Mamlakatlarimiz o'rtasida ko'plab umumiy manfaatlar mavjud va biz ularni yaxshi bilamiz.

Ta'kidlash joizki, O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar hamda insonlarning mehnatsevarligi va ishtiyoqi bizni hayratga qoldirmoqda. Mamlakat so'nggi yillarda ko'plab sohalarda katta, hayratomuz yutuqlarga erishdi. Misol tariqasida, ta'lim tizimida yuz bergan ijobiy o'zgarishlarni aytish mumkin, bugun yangi universitetlar ochilmoqda. Yoki energetika sohasida qayta tiklanuvchi energiya bo'yicha ulkan loyihalar amalga oshirilmoqda. Bular kichik tashabbuslar emas, balki muhim va yirik maqsadlardir. Jamiyat isloh qilinmoqda, ijtimoiy soha yana-da rivojlantirilmoqda va investitsiya imkoniyatlari yaxshilanmoqda. Germaniya sanoati va tadbirkorlari ushbu muvaffaqiyatlarda ishtirok etib, faol hissasini qo'shishni xohlaydi.


Shtefan Ossenkopp, jurnalist va tadqiqotchi:

 – Markaziy Osiyo, xususan, O'zbekistonga qiziqishim katta. Yangi Ipak yo'li, Markaziy Osiyo mintaqasida zamonaviy infratuzilmalar va xalqaro transport yo'llarining rivojlanishi kabi mavzular meni juda qiziqtiradi. Bugun O'zbekistonni nafaqat Xitoy kabi yirik davlatlar, balki Yevropa mamlakatlari uchun ham yuqori salohiyatli hamkor, deb hisoblayman. Germaniya, Fransiya, Italiya kabi rivojlangan davlatlar yangi hamkor, yangi biznes maskanlarini izlamoqda, Markaziy Osiyo, aynan O'zbekiston yangi sheriklik o'rnatish, eksport imkoniyatlarini kengaytirish uchun eng mos mamlakat.


Zyoren Kroll, "Jura One" huquqshunoslik maktabi va "Laurea Germania" tashkiloti direktori:

– O'zbekiston xalqini Mustaqillik kuni bilan qutlayman. Bunday muhim bayram tadbirida men va rafiqam ishtirok etganimizdan juda xursandmiz. O'zbekistonda bu sana haqiqatda unutilmas ekanligini his qildik. Tadbir barcha mehmonlarga manzur bo'ldi. O'zbek kompaniyalari hamda O'zbekistonda faoliyat yuritayotgan nemis tadbirkorlari bilan hamkorlikda ishlayman. Nemis tadbirkori sifatida tadbirda turli soha vakillari bilan muloqot qilish va mamlakatingiz haqida fikr almashish men uchun juda foydali bo'ldi. O'zbekistonga kelgusida ham doimiy taraqqiyot va muvafaqqiyatlar tilayman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish