Logo

1-sentabr kuni Dehlidagi Qutb minor birinchi marta O'zbekiston davlat bayrog'i ranglariga burkandi

Sentabr 02, 2025. 11:07 • 2 daq

102
1-sentabr kuni Dehlidagi Qutb minor birinchi marta O'zbekiston davlat bayrog'i ranglariga burkandi

DEHLI, 2-sentabr. /"Dunyo" AA/. 1-sentabr – O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni Dehli shahridagi qadimiy me'moriy yodgorlik – Qutb minor mamlakatimiz bayrog'i ranglariga burkandi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

1991-yil 26-dekabr kuni Hindiston birinchilardan bo'lib O'zbekiston mustaqilligini tan olgan. 1992-yil 18-mart kuni Toshkent shahrida ikki davlat o'rtasida diplomatik munosabatlar o'rnatish to'g'risidagi protokol imzolangan.

O'tgan davr mobaynida ikki davlat va ikki xalq o'rtasidagi hamkorlik munosabatlari izchil rivojlanib kelmoqda. Ushbu rishtalar, ayniqsa, so'nggi yillarda alohida mazmun va sur'at kasb etmoqda. Xususan, Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Narendra Modi tomonidan ikki tomonlama sheriklik munosabatlarini yanada yuksak darajaga ko'tarish bo'yicha qo'yilgan dolzarb vazifalar ijrosi doirasida 2024-yil yakunlariga ko'ra o'zaro savdo-sotiq hajmi qariyb 1 milliard dollarga yetdi.

Har yili Hindistonda O'zbekiston Respublikasi Mustaqillik kuni munosabati bilan turkum tadbirlar tashkil etiladi, mamlakatning yetakchi ommaviy axborot vositalari ushbu mavzuga bag'ishlab rang-barang maqolalar chop etadi.

Bu yilga bayram o'zgacha shukuhda tantana qilindi. Hindistonning eng moʻtabar qadamjolaridan biri hisoblangan Qutb minor uzra O'zbekiston davlat bayrog'i ranglari birinchi marta jilolandi.

Ushbu voqea hind xalqining do'st va birodar o'zbek xalqiga yuksak hurmati ifodasi va o'ziga xos bayram tuhfasi bo'ldi.

Qutb minor majmuasi 1193-yil Dehli sultonligi asoschisi Qutbiddin Oybek tomonidan bunyod etila boshlangan va 14 asrda u nihoyasiga yetkazilgan. 72,6 metr uzunlikka ega ushbu inshoot dunyoda g'ishtdan qurilgan eng baland minora hisoblanadi.

1993-yil u YUNESKO Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish