Ashxobodda O'zbekiston Mustaqilligi kuni nishonlandi
Sentabr 05, 2025. 12:26 • 2 daq
• 72
ASHXOBOD, 5-sentabr. /"Dunyo" AA/. Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida O'zbekiston davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan tantanali rasmiy qabul marosimi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirda Turkmaniston hukumati va ishbilarmon doiralari vakillari, Ashxoboddagi diplomatik korpus va xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari rahbar, OAV xodimlari va boshqalar ishtirok etdi.
Qabul marosimida turkman tomonidan asosiy mehmon sifatida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o'rinbosari, Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo'yicha o'zbek-turkman hukumatlalaro qo'shma komissiyasi hamraisi Nokerguli Ataguliyev qatnashdi.
O'zbekiston elchisi Ravshanbek Alimov o'z nutqida mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar haqida to'xtalib o'tdi.
Xususan, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida "Yangi O'zbekiston" g'oyasi asosida xalq farovonligini oshirishga qaratilgan keng ko'lamli va izchil islohotlar samarasida bugun har bir o'zbekistonlik o'z yurti taqdiriga daxldorligini his etib, bunyodkorlik va taraqqiyot yo'lidagi yagona maqsad va vazifalar atrofida hamjihatlikni namoyon etayotgani aytib o'tildi.
Ishtirokchilarga O'zbekistonning so'nggi yillarda erishgan asosiy makroiqtisodiy yutuqlari, mamlakatimizda "yashil" energetika, innovatsion iqtisodiyot va turizmni rivojlantirish sohasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida so'zlab berildi.
O'zbekistonga tashrif buyuradigan xorijiy sayyohlar soni yildan-yilga o'sib borayotgani, xususan o'tgan yili 10 millionlik ko'rsatkichdan oshgani alohida qayd etildi. Xalqaro maydonda O'zbekiston o'zini yaxshi qo'shnichilik, ochiqlik va konstruktiv hamkorlik siyosatini izchil olib borayotgan ishonchli sherik sifatida ko'rsatayotgani ta'kidlandi.
Shuningdek, O'zbekiston-Turkmaniston munosabatlarining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari haqida ma'lumot berildi. O'zbekiston va Turkmaniston o'rtasidagi strategik sheriklik ikki davlat rahbarlarining qat'iy siyosiy irodasi tufayli yangi sifat bosqichiga ko'tarildi.
Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o'rinbosari Nokerguli Ataguliyev o'z nutqida, Turkmaniston rahbariyati va xalqi nomidan O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi bilan tabriklab, yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.
"Umumiy tarixiy ildizlarga va yaxshi qo'shnichilikka asoslangan munosabatlarimiz bugun ma'no va mazmun jihatdan boyib, yangi bosqichga ko'tarilgani, bugungi kunda ikki davlat o'rtasidagi o'zaro hamkorlik strategik xususiyatga ega ekanligi, mamlakatlarimiz rahbarlarining muntazam o'zaro tashriflari va oliy darajadagi muzokaralari hamkorlikni yanada rivojlantirishga kuchli turtki bo'layotir", – dedi u.
Tadbir doirasida O'zbekiston iqtisodiy yutuqlari, eksport va turizm salohiyati, xalq amaliy san'ati va madaniyati ko'rgazmalari tashkil etildi.
Mazkur tadbir unda ishtirok etgan turkmanistonlik va xorijlik mehmonlarda O'zbekistonning bugungi kundagi taraqqiyoti va yutuqlari, shuningdek o'zbek xalqining boy madaniyati va an'analari haqida yorqin taassurot qoldirdi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi Xitoyda keng nishonlandi
Hindiston poytaxtida O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi keng nishonlandi