Logo

Yevropa poytaxtida O'zbekiston davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi bo'lib o'tdi

Sentabr 07, 2025. 13:37 • 2 daq

66
Yevropa poytaxtida O'zbekiston davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan tantanali qabul marosimi bo'lib o'tdi

BRYUSSEL. 7-sentabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimizning Belgiyadagi elchixonasida O'zbekiston davlat mustaqilligining 34 yilligiga bag'ishlangan tantanali qabul marosimi tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Unda Benilyuks va YEI mamlakatlari siyosiy, ekspert-tahliliy, ishbilarmon doiralari vakillari, diplomatik korpus, shuningdek, Yevropaning yetakchi ommaviy axborot vositalari vakillari hamda Belgiya, Niderlandiya va Lyuksemburgdagi faol vatandoshlar ishtirok etdi.

Elchixona xodimlari o'zlarining tabrik so'zlarida ishtirokchilarni O'zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlar, iqtisodiyotning jadal rivojlanishi, investitsiyalarning o'sishi va mamlakatning xalqaro reytinglari haqida ma'lumotlar bilan tanishtirdilar. Mamlakatda yuqori sifatli ta'limni rivojlantirish, biznesni qo'llab-quvvatlash, adolatni ta'minlash, sog'liqni saqlashni modernizatsiya qilish va ekologik barqarorlikni mustahkamlashga qaratilayotgan alohida e'tibor urg'ulandi.

O'zbekiston bilan Yevropa Ittifoqi o'rtasidagi aloqalar kengayib borayotgani qayd etildi. O'zaro ishonchning yuksak darajasi, siyosiy muloqot, iqtisodiy va madaniy hamkorlik faollashgani ta'kidlandi.

Tadbirda so'zga chiqqan xorijiy tomon O'zbekiston rahbariyati va xalqini yurtimiz istiqlolga erishgan kun bilan tabrikladi.

O'tgan yillar davomida O'zbekistonning qo'shni va xorijiy davlatlar hamda xalqaro tashkilotlar, xususan, Yevropa Ittifoqi bilan aloqalari sezilarli darajada kengayib, mustahkamlangani ta'kidlandi.

Shuningdek, ishtirokchilar diplomatik missiya binosida tashkil etilgan O'zbekistonning boy, o'ziga xos madaniy merosi va Yevropa Ittifoqi bilan ko'p qirrali aloqalarni rivojlantirishga bag'ishlangan fotoko'rgazma hamda o'zbek xalq hunarmandchiligi yarmarkasi bilan tanishdi.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish