Logo

Yangi O'zbekiston tarixda bo'lgani kabi takror yangi tamaddun beshigi bo'lishga qodirdir

Avgust 29, 2025. 09:51 • 5 daq

77
Yangi O'zbekiston tarixda bo'lgani kabi takror yangi tamaddun beshigi bo'lishga qodirdir

TOSHKЕNT, 29-avgust. /"Dunyo" AA/. "Yangi O'zbekiston – yangiliklarga ochiq, bag'rikeng mamlakat. Dunyoning biror burchagida foydali yangilik bo'ldimi, uning aks-sadosini ertasi kuniyoq O'zbekistonda ham ko'rasiz", – deb yozgan Turkiyaning "ANKASAM" tahlil markazi direktori, professor Mehmet Seyfettin Erol "Dunyo" AA uchun maqolasida.

Bugun O'zbekiston o'z mustaqilligining 34 yilligini nishonlamoqda. Shu bilan birga, tamaddunlar Vatani bo'lgan ushbu qadim diyorning davlatchiligi asrlarga daxldor ekani hech kimga sir emas. Yaqinda azim Samarqandning yoshi 3000 yil deb aniqlangani – tarixiy haqiqat. O'zbekiston bugun ana shu qadim ildizlardan quvvat olib, taraqqiyot yo'lida olg'a ildamlamoqda. Shubhasiz, bu muvaffaqiyat ortidagi eng asosiy omil – tarixiy davlatchilik shuuriga asoslangan oqil siyosat. Bir mamlakatni o'ta qisqa fursatda mintaqaviy, qolaversa global sahnaga olib chiqish mumkinligini O'zbekiston misolida yaqqol guvohi bo'lmoqdamiz. Bu jarayon ortida turgan kishi esa "Uchinchi Renessans"ni shior qilgan Yangi O'zbekiston bunyodkori janob Shavkat Mirziyoyevdir. 

Shavkat Mirziyoyev: xalqdan kuch olgan yetakchi

O'zbekistonga har safarimda hayratga tushaman: 8-9 yil avval janob Shavkat Mirziyoyevning hokimiyat tepasiga kelishi bilan boshlangan islohotlar shamoli tobora jadallashib borayotganini ko'raman. Eng asosiysi bu yangilanishlar ruhi bugun har bir davlat xizmatchisi faoliyatiga, hatto har bir fuqaroning onggu shuuriga singib ketgan. 

Ha, O'zbekistonda bugun oddiy insonlarning ham ko'zida mamlakat yetakchisi boshlab bergan yangilanishning uchqunini ko'rasiz. Bu aslida Yangi O'zbekiston taraqqiyotidagi davlat va xalq birligi tamoyilining in’ikosi. Zero, "Inson qadri uchun" degan shior – Prezident Shavkat Mirziyoyev siyosatining asosini tashkil qiladi. 

Kambag'allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlar, migrantlarni qo'llab-quvvatlashga mutlaqo yangicha yondashuv, "Inson" markazlari vositasida muhtojlarni ijtimoiy qo'llab quvvatlash, aholining ijtimoiy nozik qatlami bo'lgan nogironlar va qarovsiz farzandlarga nisbatan g'amxo'rlikning yangi modeli – mazkur siyosatning amaliyotdagi aksi. Xalqning asl orzu-istaklariga asoslangan ushbu boshqaruv yondashuvi davlatning kuchiga kuch qo'shmoqda, mamlakat taraqqiyotiga yangi dinamizm bag'ishlamoqda.

Davlat boshqaruvida benazir namuna

Prezident Shavkat Mirziyoyevning xususiyati davlat boshqaruvida har bir sohani bevosita o'z nazoratida tutib, hech kimni loqaydlikka berilishga yo'l qo'ymasligidir. So'nggi 9 yilda mamlakatdagi ulkan o'zgarishlarning asosiy sababi ham shunda. Yangi O'zbekiston – yangiliklarga ochiq, bag'rikeng mamlakat. Dunyoning biror burchagida foydali yangilik bo'ldimi, uning aks-sadosini ertasi kuniyoq O'zbekistonda ham ko'rasiz. Toshkentni aylanar ekansiz, har kun biror yangilikka guvoh bo'lasiz. Toshkentdagi yangilikni Andijonda, Samarqandda, Buxoroda ham ko'rasiz. Qoraqalpog'istondagi imkoniyatlar ham hech qayerdagidan kam esaligini kuzatasiz. Ochiq tan olib aytaman, ba’zi texnologiyalar va innovatsiyalar borasida Turkiyada ko'rmaganlarimni O'zbekistonda kuzatdim. Bu, nazarimda, Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi oliylarining har bir sohadagi islohotchilik yondashuvining natijasidir. 

Dunyo va yangiliklar bilan hamnafaslik mamlakatning ichida ham yangi to'lqinni yaratmoqda. Yangi O'zbekistonning yangi avlodi bo'y ko'rsatmoqda. Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar bitiruvchilarining muvaffaqiyatlari buning yorqin ifodasidir. 2000 nafar yosh muhandis robot yig'ib, Ginnes rekordlar kitobida O'zbekiston nomini qayd etgani, mamlakat yoshlari Top-500 talik oliygohlarga kirish bo'yicha Markaziy Osiyoda 1-o'rinni egallagani – bu sohadagi islohotlar samarasi, deb bilaman. 

Bu yutuqlar sportda ham yaqqol namoyon bo'lmoqda. Yozgi Parij Olimpiya o'yinlarida O'zbekistonning butun turkiy va musulmon mamlakatlar ichida eng yaxshi natija ko'rsatgani bejiz emasdi. Bu yozda esa, futbol bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasi Markaziy Osiyodan Jahon chempionatida chiqqan ilk jamoa bo'lgani esa – muvaffaqiyatlar silsilasi aslo tasodif emasligini, uzoqni ko'zlab boshlangan maqsadli islohotlar natijasi ekanini isbotladi. Darvoqe, mazkur sport musobaqalaridagi g'alabalarda o'ta muhim bir qirra kishini alohida ta’sirlantirdi. Gap o'zbek sportchilarining zafarlarini qo'shni mamlakatlardagi ixlosmandlar ham katta quvonch bilan qarshilagani, O'zbekiston jamoasiga muxlislik qilgani haqida. Bu aslida Shavkat Mirziyoyev bilan Markaziy Osiyoga kirib kelgan mutlaqo yangi bosqichning nishonasidir.

Markaziy Osiyoda yangi muhit: "Men"dan "Biz"ga

2016-yilda O'zbekistonda bo'lgan o'zgarishlarni Markaziy Osiyo taqdiri jihatidan ham burilish nuqtasi deb hisoblayman. Zero, Shavkat Mirziyoyevning mintaqa obodligi yo'lidagi xizmatlari beqiyos. U avvalo davlatlar o'rtasida mavjud chegaralararo nizolarga chek qo'ydi. O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston davlat chegaralarining tutash nuqtasi to'g'risidagi shartnoma imzolangan kun – Prezident Shavkat Mirziyoyev intilgan uzoq yillik jarayonning natijasi bo'ldi. Eng asosiysi bu bitimga mintaqa davlatlarining o'zi erishdi. Tashqi kuchlarning vositachiligiga hojat qoldirilmadi. 

O'zbekiston rahbari chegaralar masalasini hal qilish barobarida, undan ham muhimroq ishning uddasidan chiqdi – xalqlar ongidagi psixologik to'siqlarni bartaraf etdi. Bugun o'zbek sportchisiga qozoq va qirg'iz ham muxlislik qilmoqda. O'zbekiston, Tojikiston va Qirg'iziston 2031 yilgi Osiyo kubogini birgalikda o'tkazish uchun ariza bergani ham O'zbekiston yetakchisi tashabbusining shirin mevasi sanaladi.

Yana bir gap, O'zbekistonga kelayotgan turistlar soni borasida qo'shni Qirg'iziston, Qozog'iston va Tojikiston fuqarolari yetakchilik qilmoqda. Ya’ni, chuqurroq e’tibor qaratilsa, Markaziy Osiyodagi hamjihatlik O'zbekistonga karrasiga manfaat keltiradi. 3 yil avval boshlangan Toshkent xalqaro investitsiya forumi allaqachon o'z mintaqasidagi "Davos"ga aylanib ulgurdi. Samarqand tarixda bo'lgani kabi madaniy-ma’rifiy xalqaro tadbirlar markaziga aylangani O'zbekiston liderining oqilona siyosati sabab Markaziy Osiyoda yaratilgan hamkorlik va hamjihatlik muhitining natijasi emasmi? 

Mintaqadan jahon sahnasi sari

O'z mintaqasida yuksalib ishonchli geosiyosiy ishtirokchiga aylangan O'zbekistonning diplomatiya geografiyasi tobora kengaymoqda. So'nggi yillarda mamlakat o'zining yaqin va uzoq xorijdagi an’anaviy sheriklari bilan aloqalarni mustahkamlash barobarida, yangi mintaqalarga ham kirib bormoqda. Ularning ichida farovon va investitsiyalarda katta hissa qo'shayotgan Ko'rfaz arab mamlakatlarini alohida ta’kidlab o'tish joiz. Yaqinda bo'lib o'tgan Iordaniya Podshohining O'zbekistonga tarixiy tashrifini ham bu doirada baholash zarur. Respublikaning Uzoq Sharq mamlakatlari bilan aloqalaridagi rivojlanish ham e’tiborga molik. Qirg'iziston orqali Xitoyga qurilayotgan temir yo'l loyihasi, yaqinda Avazada bo'lib o'tgan "O'zbekiston-Turkmaniston-Ozarbayjon" formatidagi sammit doirasida "O'rta koridor"dan samarali foydalanish kelishuvi O'zbekiston manfaatlariga xizmat qiladi. 

Bu jarayonlar Yevroosiyoning yuragi bo'lgan Markaziy Osiyoning qoq markazida joylashgan O'zbekistonni Sharq va G'arb o'rtasidagi oltin halqaga aylantirish uchun katta imkoniyat yaratadi. 

Inchunin, o'z xalqiga tayanib, uning qadimiy tarixidan kuch olib, olg'a intilayotgan Yangi O'zbekiston tarixda bo'lgani kabi takror yangi tamaddun beshigi bo'lishga qodirdir. 

O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi barchamizga muborak bo'lsin, O'zbekiston dunyo turguncha tursin.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish