Logo

Rossiyadan tabrik: O'zbekiston iqtisodiyoti ham, siyosiy tizimi ham so'nggi yillarda salmoqli yutuqlarga erishdi

Avgust 31, 2025. 11:18 • 2 daq

38
Rossiyadan tabrik: O'zbekiston iqtisodiyoti ham, siyosiy tizimi ham so'nggi yillarda salmoqli yutuqlarga erishdi

MOSKVA, 31-avgust. /"Dunyo" AA/. Rossiya Fanlar akademiyasi Jahon iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar instituti direktorining ilmiy ishlar bo'yicha o'rinbosari Sergey Afonsev "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston davlat mustaqilligining 34-yilligi munosabati bilan mamlakatimiz xalqiga o'zining bayram qutlovlarini yo'lladi:

– O'zbekiston xalqini mamlakat mustaqilligining o'ttiz to'rt yillik bayrami bilan tabriklashdan mamnunman. Institutimizda mamlakatingiz bilan hamkorlik yo'nalishlariga bevosita rahbarlik qiluvchi direktor o'rinbosari sifatida O'zbekiston iqtisodiyoti ham, siyosiy tizimi ham, mamlakatning Rossiya bilan munosabatlarida ham so'nggi yillarda salmoqli yutuqlarga erishilganini qayd etaman.

Biz Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakat siyosiy taraqqiyotiga, ijtimoiy jarayonlar dinamikasiga olib kelgan konstruktiv turtki, ayniqsa, zamonaviy dunyo boshdan kechirayotgan barcha geosiyosiy va boshqa o'zgarishlar fonida bir necha yillardan buyon iqtisodiy o'sishning yuqori sur'atlarini barqaror saqlab qolish imkonini bergan islohotlarni yuksak qadrlaymiz.

Bunda mamlakatingizning tajribasi va hissasi biz uchun yana-da qadrlidir, chunki ikki davlat o'rtasidagi hamkorlik juda jadal rivojlanmoqda.

Barchamizga ma'lumki, Rossiya va O'zbekiston o'rtasidagi savdo aloqalarini rivojlantirishning strategik maqsadi, o'zaro savdo hajmini oshirish bilan bog'liq. Ikki tomonlama hamkorlik loyihalari muhokama qilinib, amalga oshirilmoqda. Ular sarmoyaviy va texnologik hamkorligimizga yangi sur'at bag'ishlashi, ushbu aloqalarni strategik sheriklik darajasiga olib chiqishi, birinchi navbatda, zamonaviy iqtisodiyot qiyofasini belgilab beruvchi texnologik sohada muhim ahamiyat kasb etadi.

Ilm-fan va ta'lim sohasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirishni ham qadrlaymiz va umid qilamiz, bu yo'nalishdagi sheriklikni rivojlantirishning hozirgi tendensiyalariga qo'shayotgan hissasi bilan bir qatorda munosabatlarimiz, aslida, yana-da muhimroq vazifani bajaradi. Bu hamkorlikka poydevor qo'yadigan yangi avlod vakillari – yoshlar O'zbekistonning kelajagini shakllantiradi, iqtisodiyotlarimiz va birgalikdagi sa'y-harakatlarimiz yuksaltirishga xizmat qiladi.

 Fursatdan foydalanib, O'zbekiston mustaqilligining 34-yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.

Telegram kanalimizga obuna bo‘ling

Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!

Kanalga o‘tish