Xitoydan tabriklar: O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi arafasida O'zbekiston xalqiga yangi marralar va ulkan yutuqlar tilaymiz
Avgust 30, 2025. 09:13 • 19 soniya
• 52
PЕKIN, 30-avgust. /"Dunyo" AA/. Xitoy ekspert va ishbilarmon doiralari vakillari "Dunyo" AA uchun intervyusida O'zbekiston davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan mamlakatimiz xalqiga o'zining bayram qutlovlarini yo'lladilar:

Van Bo, "CAMC Engineering" kompaniyasi raisi:
– Bu yil O'zbekiston mustaqillikka erishganiga 34 yil to'ladi va Yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lida jahon miqyosida e’tirof etilgan yutuqlarning muhim bosqichi sifatida nishonlanadi.
Kompaniyamiz nomidan O'zbekiston xalqiga eng samimiy tabriklarimni yo'llashdan mamnunman. So'nggi yillarda mamlakatingiz bilan hamkorlikda sezilarli natijalarga erishdik.
Biz O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida davlatingiz tomonidan iqtisodiy islohotlar, bozorlarni ochish va ijtimoiy taraqqiyot sohasida erishilgan ajoyib yutuqlarga guvoh bo'ldik.
Respublikaning umumiy ishbilarmonlik muhiti yaxshilanishda davom etmoqda, uning xalqaro investitsiyalar uchun jozibadorligi oshib bormoqda. O'zbekiston mintaqaviy va global miqyosida tobora ijobiy ta’sir ko'rsatmoqda.
"CAMC O'zbekiston bilan atrof-muhitni muhofaza qilish, energetika, yangi infratuzilma va zamonaviy sanoat parklari kabi sohalarda muhim hamkorlik natijalariga erishdi.
Kompaniyamiz mamlakatlarimiz o'rtasidagi iqtisodiy va savdo hamkorlikni chuqurlashtirish, aloqalarni mustahkamlashga o'z hissasini qo'shmoqda.
Xitoy va O'zbekiston o'rtasidagi do'stlik rishtalari abadiy bo'lishini, yangi davrda har tomonlama qulay va strategik hamkorligimiz yangi sahifa ochishini tilayman.
Su Chan: Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti yetakchi ilmiy xodimi:
– Men O'zbekiston xalqini Mustaqillikning 34 yilligi bilan samimiy tabriklayman.
Bugun O'zbekiston siyosiy va iqtisodiy barqarorlik, millatlararo totuvlik borasida dunyoda alohida o'rin tutadi.
O'zbekistonning iqtisodiy rivojlanishi juda tez sur’atlar bilan davom etmoqda. O'zbekiston sanoat, qishloq xo'jaligi, energetika va yuqori texnologiyalar sohalarida juda jadal rivojlanayotganini ko'rdim.
Men o'tgan yili O'zbekistonda bo'ldim. Mamlakatingizda shahar va qishloq joylarda, jumladan Farg'ona vodiysida juda katta o'zgarishlar yuz berganin
i o'z ko'zim bilan ko'rdim. Yurtingizning xalqaro nufuzi kundan-kunga oshib bormoqda. Bunda albatta, O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning iqtisodiy islohotlarga, mamlakatingizda xavfsizlik va barqarorlikni saqlashga qo'shgan ulkan hissasi juda muhim o'rin tutadi.
Ishonamanki, O'zbekiston juda porloq istiqbolga ega. Davlatingizning xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik jarayonidagi muhim o'rni mustahkamlanib boradi.
Barqaror va rivojlanayotgan O'zbekiston Markaziy Osiyo mintaqasi rivojiga katta hissa qo'shmoqda. Xitoy va O'zbekiston o'rtasidagi munosabatlar rivojlanib, hamkorligimiz mustahkamlanib bormoqda.
Chen Yuyjun, Xitoy Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Xitoy zamonaviy xalqaro munosabatlar akademiyasining yetakchi eksperti:
– O'zbekiston turli sohalarda yorqin muvaffaqiyatlarga erishayotganining guvohi bo'lmoqdamiz.
O'zbekistonning iqtisodiy yuksalishi so'nggi yillarda juda jadal kechmoqda, turli sohalarda katta ijobiy o'zgarishlar sodir bo'ldi. Odamlarning turmush darajasi oshib bormoqda. Shaharlaringiz juda go'zal qiyofaga ega bo'lib bormoqda. Yildan-yilga yangi binolar, zavodlar, yirik ishlab chiqarish korxonalari barpo etilmoqda.
Shuningdek, davlatingiz rahbari tomonidan qo'shni mamlakatlar bilan aloqalarni mustahkamlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Do'st O'zbekiston xalqiga yangi yutuqlar tilayman.
I Chjenli, Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo instituti direktorining o'rinbosari:
– Bizning institut Markaziy Osiyo mamlakatlari, xususan, O'zbekistonni o'rganishga katta e’tibor qaratadi. So'nggi yillarda biz mamlakatingizning ko'plab ilmiy-tadqiqot institutlari, universitetlari, tahliliy markazlari bilan juda muhim tadbirlar va almashinuvlarni o'tkazdik.
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev boshchiligida mamlakatda turli sohalarda ko'plab islohotlar amalga oshirilmoqda va ajoyib natijalarga erishilmoqda.
O'zbekistonning ichki iqtisodiy rivojlanishi jadal sur’atlar bilan o'smoqda. 2024-yilda YIM o'sish sur’ati 6 foizdan yuqori ko'rsatkichga ega bo'ldi. Bu ayni vaqtda dunyodagi o'rtacha o'sish sur’atlaridan ikki baravar tezdir.
O'zbekistonning so'nggi yillardagi sa’y-harakatlari va tashabbuslari Markaziy Osiyo taraqqiyotiga katta hissa qo'shdi.
Lyu Xuatsin, Xitoy Savdo vazirligining xalqaro hamkorlik akademiyasi Yevroosiyo instituti direktori:
– Men asosan Xitoyning xorijiy mamlakatlar bilan iqtisodiy va savdo hamkorligining muhim masalalarini o'rganaman.
Mamlakatlarimiz o'rtasidagi ushbu sohalardagi hamkorlik aloqalari katta istiqbolga ega bo'lib, xozirda har tomonlama rivojlanib bormoqda. Davlatlarimiz o'rtasidagi savdo aylanmasi hajmi ham o'sib bormoqda. Xitoy-Qirg'iziston-O'zbekiston temir yo'li qurilishi ham ushbu yo'nalishga ijobiy ta’sir ko'rsatadi.
O'zbekistonda Xitoy kapitali ishtirokidagi korxonalarning soni ortib bormoqda. Xitoy investitsiyalari mamlakatingizda qurilish, transport, yangi energiya vositalari, qishloq xo'jaligi va avtomobilsozlik kabi yo'nalishlarga qaratilmoqda.
Bu yil O'zbekiston Mustaqilligiga 34 yil to'ladi. Ushbu muhim sana arafasida O'zbekiston xalqiga yangi marralar va ulkan yutuqlar tilayman. Ishonamanki, mamlakatlarimiz o'rtasidagi aloqalar yanada rivojlanib, xalqlarimiz farovonligiga hissa qo'shib boradi.
Chjan Sin, Yunnan "SHHT" Madaniyat va sport kompaniyasi rahbari:
– Mamlakatingiz mislsiz ulkan yutuqlarni qo'lga kiritmoqda. Xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalari ham kengayib bormoqda.
O'zbekiston va Xitoy o'rtasidagi aloqalar ham mustahkamlanib bormoqda. Xitoylik investorlarning sarmoya kiritishga bo'lgan qiziqishi ortib bormoqda. Mamlakatlarimiz o'zaro manfaatli loyihalarni amalga oshirmoqda.
O'zbekiston boy madaniyati, tarixi va sayyohlik imkoniyatlari bilan xitoylik sayyohlarni o'ziga jalb etmoqda. Bu esa xalqlarni yanada yakinlashtirmoqda. Umid qilamanki, hamkorlik natijasida ikkala mamlakat ham yanada gullab-yashnaydi.
Xitoyning "Longi Green Energy Technology" kompaniyasi vakili Emmi Van:
– Bizning kompaniyamiz O'zbekistonda ko'p yillardan buyon o'z faoliyatini yuritib kelmoqda.
O'zbekistonda mahalliylashtirilgan jamoamiz, professional o'qituvchilarimiz va yaxshi jihozlangan o'quv markazimiz mavjud. Kompaniyamiz mamlakatingiz bilan "yashil" energetika sohasida hamkorlikni o'rnatgan.
Kompaniyamiz O'zbekiston Prezidenti tomonidan ilgari surilgan Toshkent yashil vodorod loyihasini qo'llab-quvvatlamoqda. Bu Markaziy Osiyodagi birinchi yirik yashil vodorod loyihasidir.
Biz oxirgi bir necha yil ichida mahalliy bosh pudratchilar uchun quyosh energetikasi muhandislarini ham tayyorlashda ishtirok etdik. Hozirgacha biz 100 dan ortiq mahalliy kompaniyalarning 1000 dan ortiq muhandislarini o'qitdik.
Ishonamizki, O'zbekiston yaqin kelajakda nafaqat energiya bilan o'zini-o'zi ta’minlashga erishadi, balki yashil energiya markaziga aylanadi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi Xitoyda keng nishonlandi
Hindiston poytaxtida O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi keng nishonlandi