Islomobod shahrida O'zbekiston davlat mustaqilligining 34 yilligiga bag'ishlangan rasmiy qabul marosimi o'tkazildi
Sentabr 03, 2025. 04:51 • 2 daq
• 110
ISLOMOBOD, 3-sentabr. /"Dunyo" AA/. Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan Islomobod shahrida O'zbekiston davlat mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan rasmiy qabul marosimi o'tkazildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tadbirga mezbon mamlakat hukumatining yuqori martabali vakillari, jumladan asosiy mehmon sifatida temir yo'llar vaziri Muhammad Hanif Abbasi qatnashdi. Shuningdek, xorijdagi pokistonliklar ishlari va inson resurslarini rivojlantirish vaziri Choudri Salik Husayn, Bosh vazirning maxsus yordamchilari va koordinatorlari, senatorlar, davlat idoralari rahbarlari, Qurolli kuchlar, elchilar hamda diplomatlar, jamoat tashkilotlari, ishbilarmon doira, akademik hamjamiyat, OAV va faol vatandoshlar ishtirok etdi.
Qabul marosimi ikki davlat milliy madhiyalari sadolari ostida boshlandi.
O'zbekiston elchisi nutqida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va barqaror iqtisodiy taraqqiyot haqida ma'lumot berdi. Jumladan, O'zbekiston YIM so'nggi yillarda barqaror o'sishga erishib, 2024-yilda 115 milliard AQSh dollarini tashkil etgani, joriy yilda esa 130 milliard dollardan oshishi kutililayotgani ta'kidlandi. Milliy iqtisodiyotning eksport quvvatlari 26 milliard dollarga yetgani, oltin-valyuta zaxiralari ilk bor 48 milliard dollardan oshgani qayd etildi. Shu bilan birga, O'zbekistonga jalb etilgan xorijiy investitsiyalar miqdori qariyb 130 milliardga yetgani ta'kidlandi.
– O'zbekiston va Pokiston o'rtasidagi munosabatlar strategik sheriklik darajasiga ko'tarilgan, dedi elchi Alisher To'xtayev. – Ikki davlat rahbarlari tomonidan imzolangan Qo'shma deklaratsiya va Strategik sheriklik oliy kengashi to'g'risidagi bayonnoma tarixiy ahamiyat kasb etdi va uzoq muddatli hamkorlik uchun mustahkam poydevor yaratdi. Shuningdek, "O'zbekiston - Afg'oniston - Pokiston" temir yo'li qurilishi loyihasi mintaqaviy integratsiyada muhim ahamiyatga ega.
Pokiston temir yo'llar vaziri Muhammad Hanif Abbasi o'z nutqida, Shahboz Sharif hukumati nomidan O'zbekiston Prezidenti va xalqini Mustaqillik kuni bilan tabriklab, tinchlik va farovonlik tilaklarini yetkazdi. U, shuningdek, ikki davlatni chambarchas bog'lab turgan umumiy tarix va mushtarak madaniy qadriyatlarni ta'kidlab, O'zbekistonni mintaqadagi asosiy hamkor sifatida baholadi hamda o'zaro savdo hajmini 2 milliard dollarga yetkazish bo'yicha izchil qadamlarni qo'llab-quvvatlashini bildirdi.
Tadbir doirasida O'zbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayoti, tashqi siyosatdagi yutuqlariga bag'ishlangan fotoko'rgazma, milliy hunarmandchilik buyumlari, cholg'u asboblari, kitoblar va milliy taomlar namoyish etildi. Marosim bayram dasturxoni hamda Xorazmdan taklif etilgan san'atkorlar ijrosidagi milliy kuy-qo'shiqlar sadosi ostida davom etdi.
Qayd etish joizki, 1-sentabr kuni Islomoboddagi eng baland "Mövenpick" mehmonxonasi binosidagi yirik o'lchamli ekranda O'zbekiston davlat mustaqilligi bayrami munosabati bilan tabrik videoroligi kun davomida namoyish etildi.
Telegram kanalimizga obuna bo‘ling
Barcha yangiliklar va yangilanishlardan birinchi bo‘lib xabardor bo‘ling!
So‘nggi yangiliklar
Barchasi
Mavzuga oid
O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi Xitoyda keng nishonlandi
Hindiston poytaxtida O'zbekiston mustaqilligining 34 yilligi keng nishonlandi